Maʼlumki, Prezidentimiz 16-17-noyabr kunlari hududlar iqtisodiyoti, muhim ijtimoiy dasturlar ijrosi bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatida boʻldi. Eʼtiborli jihati, bu davlatimiz rahbarining joriy yil hisobidan yurtimizning janubiy viloyatiga uchinchi tashrifi hisoblanadi. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: bir yilda vohaga uch bor tashrifning boisi muammolar koʻlami bilan bogʻliqmi yoki islohotlar shiddati bilanmi?

Davlatimiz rahbari raisligida 17-noyabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda ushbu savolga bilvosita javoblar berildi. Jumladan, “Xalqimiz yaxshi hayot kechirsin, ogʻiri yengil boʻlsin, deb Surxondaryoga shu yilning oʻzida uchinchi marotaba juda katta niyatlar va aniq rejalar bilan keldim”, – dedi Prezidentimiz. Viloyat juda katta iqtisodiy salohiyat, yerosti va yerusti boyliklari, mard, mehnatkash xalqiga ega ekaniga alohida eʼtibor qaratilib, afsuski, hozircha bu salohiyatning yarmidan ham foydalanilmayotgani, shuning uchun ham hududda zarur sharoitlar yaratib, ish oʻrni, investitsiya, eksport va tushumni karra-karra oshirish lozimligi taʼkidlandi.

Shu bois kelgusi yili 1,5 milliard dollar miqdorida investitsiya olib kelinib, sanoat yoʻnalishida 12 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarishga erishiladi. Eksport 500 million dollarga yetkazilib, 100 million dollarlik import qisqartiriladi, asosiysi, 400 ming aholi bandligini taʼminlash choralari koʻriladi.

Viloyatga investitsiya jalb qilish va sanoatni rivojlantirish uchun asoslar yetarli. Bu, birinchi navbatda, vohadagi mavjud konlarni ishga solish bilan bogʻliq. Xususan, Sariosiyoda qoʻrgʻoshin, rux, oltin va oq marmar, Boysun va Sariosiyoda koʻmir, Sherobodda kaliy oʻgʻiti zaxiralarini oʻzlashtirish yangi quvvatlar barpo etilishi, minglab yangi ish oʻrinlarini tashkil etish orqali viloyat rivojida yangidan-yangi imkoniyatlar yaratadi. Prezidentimiz yigʻilishda ayni masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Togʻli hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish vazifasi qoʻyildi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tashrif doirasida viloyat aholisi uchun munosib ish va turmush sharoiti yaratish, iqtisodiyot rivojini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishar ekan, ayni yoʻnalishda yana bir qator ustuvor vazifalarni belgilab berdilarki, bu ayni paytda viloyatimizda kechayotgan ulkan bunyodkorlik jarayoniga yangicha ruh, shiddat berishi bilan ahamiyatlidir. Va haqli ravishda voha ahlining cheksiz quvonchi, ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlanishiga sabab boʻlmoqda.

Darhaqiqat, bugun koʻz oʻngimizda viloyatda boʻlayotgan oʻzgarishlarni yurtimizning boshqa hududlaridagi bunyodkorliklarga nisbatan salmoqliroq, desam mubolagʻa emas. Boisi, kechagi Surxondaryo bugun tanib boʻlmas darajada zamonaviy qiyofa kasb etib, kundan kunga rivojlanayotgan, tamomila bunyodkorlik avj olgan hududga aylangani kishini quvontiradi.

Surxon vohasida koʻplab sanoat korxonalari ishga tushirilayotgani, yangidan-yangi zamonaviy maktab va shifoxonalar qad rostlayotgani, ayniqsa, mahallalarning tobora obod boʻlib borayotgani zamirida, eng avvalo, inson va uning munosib hayot kechirishini taʼminlashdek ezgu maqsadlar mujassam.

Zamonaviy loyihalar istiqboli

Viloyat miqyosida joriy yil davlat dasturlari asosida 942 million dollarlik loyihalarga qoʻshimcha ravishda 420 million dollarlik 100 ta loyiha hayotga tatbiq etildi. Natijada 30 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Shuningdek, Oltinsoy va Denov tumanlarida qiymati 150 million dollarlik 5 ta loyiha doirasida koʻmir qazib olish yoʻlga qoʻyilib, nafaqat viloyatning koʻmirga talabini qondirish, balki eksport imkoniyati yaratilmoqda.

Termiz tumanida bazalt xomashyosidan mineral vata hamda fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarilishi boshlandi. Sherobod tumanida esa kaliy zahiralaridan foydalanib, salohiyatli xorijiy investorlar tomonidan 700 million dollarlik investitsiya jalb etilishi hisobiga yiliga 1 million tonna kaliy ishlab chiqarish quvvatiga ega 3 ta yirik korxona borpo etildi.

Hududlar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida joriy yilning oʻzida 1 ming 500 kilometrdan ortiq ichki yoʻllar taʼmirlandi. Jumladan, 350 kilometr ichki yoʻllarga asfalt, 1 ming 170 kilometrga shagʻal yotqizildi. Hozirgi kunda viloyat boʻyicha 376 ta transformator oʻrnatish va 817 kilometr yangi tarmoqlar tortish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Termiz shahri, Sariosiyo, Denov, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon va Shoʻrchi tumanlaridagi yuqori kuchlanishli podstansiyalar rekonstruksiyasi ham yakuniy bosqichda.

Aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Bu borada ham viloyatda xayrli ishlar qilinmoqda. Chunki 700 kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmogʻi va 95 ta suv inshootini qurish orqali 87 ming nafar aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilanadi. Shuningdek, 77 ming nafar aholi xonadoniga ilk bor markazlashgan ichimlik suv yetkazib beriladi.

Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi doirasida ayni yoʻnalishdagi yirik loyihaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Maʼlumki, Prezidentimiz 2021-yili viloyatga tashrifi doirasida “Toʻpalang” suv ombori aholini ichimlik suv bilan taʼminlash borasida ulkan va toza manba ekanini taʼkidlab, uni aholiga yetkazish boʻyicha loyiha tayyorlash vazifasini qoʻygan edi.

Mazkur topshiriq asosida ishlab chiqilgan loyihaga koʻra, suv omboridan to Termiz shahrigacha 380 kilometr metall quvurlar tortiladi. Uning 159 kilometri magistral, 221 kilometri shahar va tumanlarni bogʻlovchi ichki tarmoqlardir. Shuningdek, suv tozalash, bosimni kamaytirish va suv yigʻish inshootlari quriladi.

Bugungi kunda 147 kilometr quvur tortib boʻlindi. Suv tozalash, bosimni kamaytirish va 5 ta suv yigʻish inshooti barpo etildi.

Loyihaning shaxsan davlatimiz rahbari ishtirokida ishga tushirilgan birinchi bosqichida suv Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻon tumanlariga yetib bordi. Bu orqali viloyatimiz aholisining markazlashgan ichimlik suv bilan qamrovi 70 foizga yetdi.

Oziq-ovqat barqarorligidan koʻnglimiz toʻq

Biz hozir iqlim oʻzgarishlari hamda butun dunyo boʻylab murakkab vaziyat yuzaga kelgan bir sharoitda yashayapmiz. Tabiiyki, bunday sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga erishish muhim masala hisoblanadi. Bunday vaziyatda, albatta, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga talabini qondirish, bu turdagi mahsulotlar eksportini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Qishloq xoʻjaligi masalasini alohida eʼtiborga olib, tez-tez muhokama qilib borayotganimiz bejiz emas. Chunki bu iqtisodiyotimizning toʻrtdan bir qismini tashkil qiladigan muhim soha. Buning zamirida xalqimiz farovonligi, narx-navo barqarorligi, qancha ish oʻrinlari yotibdi”.

Viloyatimizda ushbu soha ham mutasaddilarning doimiy eʼtibor markazida. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, keyingi bir-ikki yil ichida Muzrabot va Sherobod tumanlaridagi uzoq yillardan buyon foydalanilmay yotgan 35 ming gektar yer maydoni qayta oʻzlashtirildi. Bu yerlarda paxta, gʻalla va sholi yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Xuddi shunday islohotlar samarasi oʻlaroq, Jarqoʻrgʻon va Qumqoʻrgʻon tumanlarida ham 20 ming gektar yer maydonini oʻzlashtirish hisobiga kartoshka va meva-sabzavot ekinlari yetishtirish koʻzda tutilgan. Albatta, bunday yirik hajmdagi ishlarni amalga oshirishning oʻzi boʻlmaydi. Shuning uchun ham bu ishga tadbirkorlar keng jalb etilmoqda. Ular tomonidan 100 million dollardan koʻproq toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etiladi va 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Xalqaro hamkorlik

Viloyatga xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali aholi turmush darajasini oshirish masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, yaqinda viloyat delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib qaytdi. Gʻoyat samarali boʻlgan ana shu tashrif davomida qiymati 727 million dollarlik kelishuvlarga erishildi. Xuddi shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan quvvati 457 megavattlik quyosh elektrostansiyasining birinchi bosqichi joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi.

Bu ham, albatta, odamlarning turmushini yengillashtirishdan tashqari, ularning bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida ham hududda salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. Natijada yaqin-yaqingacha ijarama-ijara yurgan yoki 4-5 oila bir hovlida tiqilib yashagan odamlar oʻz uyi, Vatan ichra oʻz “vatan”iga ega boʻlmoqda. Eʼtiborli jihati, bunday baxtga erishayotgan yurtdoshlarimiz salmogʻi yuqori. Birgina joriy yilning oʻzida 10 mingdan ortiq xonadonli koʻp qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilgani fikrimiz tasdigʻidir.

Shuningdek, yoshlarning sifatli taʼlim olishi, oʻquvchi-yoshlar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarga toʻxtaladigan boʻlsak, taʼlim muassasalari qurilishi uchun 300 milliard soʻmdan ortiqroq mablagʻ ajratilishi eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yorqin namunasi boʻldi. Natijada viloyatda 140 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari, 20 ta maktabda sport zali, shuningdek, 36 ta yangi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan boshlangʻich sinf oʻquvchilarining bepul ovqat bilan taʼminlanishi ota-onalarning koʻnglidagi gap boʻldi.

Gapning sarasini aytganda, bugungi Surxondaryo kechagi Surxon vohasidan yiriklashayotgan iqtisodiyoti, qoʻshilgan qiymat zanjiriga asoslangan sanoati, qulay infratuzilmasi, tobora koʻrkamlashib borayotgan shahar va qishloqlari bilan tubdan farqlanadi. Davlatimiz rahbarining 16-17-noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi esa, voha taraqqiyotining yangi rivojlanish bosqichiga asos yaratishi, erta-indin surxondaryoliklarning turmushi bugungiga nisbatan farovon boʻlishini taʼminlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Dilfuza JOʻRAYEVA,

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati