Surxondaryo meva-sabzavotlari Qozogʻistonga eksport qilinyapti

    Agrosektor 21 Oktabr 2021 1368

    Joriy yil sentyabr oyida Qozogʻistonning “TL NIKA Keden” korxonasi vakillarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti boʻyicha hamkorlik kelishuviga erishilgandi.

    Xususan, Denov tumanidagi “Passion Work” hamda Sherobod tumanidagi “Sherobod Anor Impex” MCHJ tomonidan “TL NIKA Keden” korxonasi bilan 50 million dollarga teng meva-sabzavot mahsulotlari eksporti boʻyicha shartnomalar imzolangan.

    Ushbu shartnomalarga asosan oktyabr oyining oʻzida 10 million dollarlik 22 ming tonnadan ziyod uzum, anor, xurmo, limon, pomidor va koʻkat kabi meva-sabzavot mahsulotlari Qozogʻiston Respublikasiga eksport qilindi.

    Joriy yil yakuniga qadar mazkur eksport shartnomalarining toʻliq ijro etilishi kutilyapti, deb xabar beradi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.