Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha “Surxon” daryosining Termiz tumanidan oʻtuvchi qismida, 20 gektar maydonda amalga oshiriladi.
Tashabbus doirasida 42 ta turar va noturar obyektlar, jumladan, koʻp qavatli uy-joylar (1-2-qavati savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari, 3-5-qavatlari turar joylar), 250 oʻrinli ikkita mehmonxona, restoran va kafe, fitnes klublar, koʻngilochar maskanlar hamda 24 soat faoliyat yurituvchi turizm koʻchalari barpo etiladi.
Daryoning tabiiy oqimini saqlagan holda barcha xavfsizlik talablari taʼminlanadi, qirgʻoqlar mustahkamlanadi va koʻpriklar hamda turli biznes va koʻngilochar obyektlar quriladi.
Loyiha nafaqat hudud infratuzilmasi va shaharsozlik koʻrinishini yaxshilaydi, balki koʻplab ish oʻrinlari yaratib, aholi farovonligi va iqtisodiy barqarorlikka hissa qoʻshadi.
Tamal toshi qoʻyish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, nuroniylar, faollar, mutasaddi idoralar vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda mazkur loyihaning hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyati va aholi turmush darajasini oshirishdagi oʻrni alohida taʼkidlandi.








