Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov aholi muammolarini xonadonbay oʻrgandi

    Ijtimoiy hayot 18 Yanvar 2022 2051

    Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Termiz tumanining “Bunyodkor” mahallasida yashovchi fuqarolar bilan suhbatlashdi, ularning muammo va tashvishlarini xonadonbay oʻrgandi.

    Viloyat hokimi aholi yashash sharoitlarini xonadonbay oʻrgandi

    Muloqot davomida odamlar elektr energiya taʼminotini yaxshilash uchun beton ustunlar oʻrnatish, tarmoq tortish, yoʻl, ichimlik suvi va boshqa muammolar yuzasidan viloyat rahbariga murojaat qilishdi.

    Ushbu mahalla 2020-yilda tashkil etilgan boʻlib, yangi tashkil etilgan massivga asosan Termiz shahridan oilalar koʻchib kelgan. Hozirda mahallada jami 750 ta xonadonda 2609 nafar aholi istiqomat qiladi.

    Viloyat hokimi mahalladagi mavjud muammolarni piyoda yurib, koʻzdan kechirar ekan, shu joyning oʻzida viloyat boshqarmalari va mutasaddilarga mavjud muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish choralarini koʻrish boʻyicha topshiriq berdi.

    Viloyat rahbari mahallada yangidan ish boshlagan hokim yordamchisi ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Maʼlum qilinishicha, ayni vaqtda ishsiz boʻlgan 192 nafar fuqarolarning bandligini taʼminlash hamda aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari koʻrilmoqda.

    - Mahallaning asosiy drayverlari chorvachilik, xizmat koʻrsatish, issiqxona hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish hisoblanadi. Ayni vaqtda aholining 30 foiz qismini xatlovdan oʻtkazdik va shu bilan birga ularning bandligini taʼminlash dasturini ishlab chiqmoqdamiz, - deydi hokim yordamchisi Ikrom Hayitov.

    Viloyat rahbari xonadonlarni koʻzdan kechirar ekan, mahallada parrandachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi. Buning uchun, avvalo, ushbu yoʻnalishda namunali ish tashkil qilingan hududlar tajribasini oʻrganish boʻyicha masʼullarga vazifa yukladi.

    Muhimi shundaki, qator masallalar yuzasidan qilingan murojaatlar masʼul mutasaddilar ishtirokida joyida hal etildi. Muddat talab etadigan masalalar nazoratga olindi.

    – Asosiy maqsadimiz odamlarning hayotidan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlash, ularning ogʻirini yengil qilishdan iborat. Bu, biz, ijro hokimiyati vakillari zimmasiga qoʻyilgan asosiy vazifalardan biridir – dedi viloyat hokimi aholi vakillari bilan muloqotda. – Bunday yuzma-yuz muloqot bizgacha yetib kelmayotgan muammolardan xabardor boʻlishga imkon beradi, odamlarning davlatga, ertangi kunga umid va ishonchini mustahkamlaydi.

    Azimbek Samadov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.