Surxondaryo viloyati hokimligi 252 nafar yoshning kontraktini toʻlab berdi

    Mamlakatimizda 25 Iyun 2021 1215

    Surxondaryo viloyat hokimi Toʻra Bobolov vohadagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan sharoiti ogʻir oilalarning 252 farzandlaring oʻquv-shartnoma toʻlovlarini toʻlab berdi.

    Surxondaryo viloyatida ham isteʼdodli yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ammo, ular qanchalik ilmga chanqoq, intiluvchan boʻlmasin, ayrim moddiy toʻsiqlarga uchrashi ham bor gap. Misol uchun, oliy taʼlimda oʻqish uchun toʻlanadigan shartnoma pulini olaylik. Tan olish kerak, bugun aksar oilalar farzandini oʻqitish uchun shartnoma pulini toʻlashga qurbi yetmaydi.

    Axir, qanchadan qancha shartnoma pulini toʻlashga imkoni yetmay, oʻqiyolmay, chet elda qora ishchi boʻlib ishlashga majbur boʻlgan yoshlarni bilamiz, eshitganmiz. Buni yashirib boʻlmaydi. Ayrim oilalarda esa 2-3 talab farzandi turli yoʻnalishlarda oliy maʼlumot olish uchun taʼlim dargohlarida oʻqimoqdalar. Bilasiz, talabaning shartnoma pulidan tashqari, yurish-turishiyu yeb-ichishiga ketadigan xarajatlar ham ota-onani yaxshigina charchatadi. Ammo, shukrki, bizda bolasining kelajagini porloq boʻlishi, ertaga yaxshi bir mutaxassis boʻlib, oʻz yoʻlini topishi uchun bor-budidan kechib boʻlsada oʻqitishga tayyor ota-onalarimiz koʻp.

    Eng qizigʻi, bugun viloyat hokimi Toʻra Bobolov ham vohadagi 252 nafar yoshni bagʻriga bosib, ana shunday otalik qilishga jazm etdi. Uzoq vaqtdan beri aholidan kelib tushayotgan murojaatlar oʻrganilganda, qator oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ammo oilaviy sharoiti ogʻir oilalarning farzandlari, chin yetim va yetim yigit-qizlar shartnoma pulini toʻlashda koʻmak soʻrashgani maʼlum boʻldi. Viloyat hokimligi tomonidan ana shunday yoshlarning 252 nafarining 1 milliard 135 million soʻmlik oʻquv-shartnoma toʻlovlari toʻlab berildi, deb xabar beradi Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    — Shifokor boʻlishni bolaligimdan orzu qilardim. Shu orzuning ortidan ergashib, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialiga oʻqishga kirdim, — deydi Sherobod tumani “Uzunsoy” mahallasida yashovchi Mahliyoxon Abdullayeva. — Ammo kontrakt pulini toʻlash biroz ogʻirlik qildi. Bu yil viloyat hokimligi murojaatimni oʻrganib chiqib, 6 million soʻm miqdoridagi qolgan kontrakt pulimni toʻlab berdi. Bilasiz, shartnoma puli vaqtida toʻlanmasa, oʻqishdan haydalishim mumkin. Ammo, viloyatimiz rahbarining ushbu yordami ayni muddao boʻlganidan juda xursandman. Endi ustozlarim berayotgan bilimlarni, darslarni yaxshiroq oʻzlashtirishga tirishaman va albatta, tumanimdagi aholining dardiga malham topa oladigan yetuk shifokor boʻlishga harakat qilaman.

    Mahliyo kabi Termiz shahri “Temir yoʻlchi” mahallasida yashovchi Maqsuda Toʻrayevaning Angor tumani pedagogika kollejidagi 4 million 200 ming soʻm, “Saxovat” mahallasida yashovchi Javohir Roʻziboyevning ham Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialidagi 6 million soʻm kontrakt toʻlovlari oʻtkazilib berildi. Ular ham Mahliyodek hayajonga toʻlib xursandchiligini yashira olmay, minnatdorchilik bildirishmoqda. Asosiysi, bu yoshlarning roʻyxati ancha uzun: 252 ta.

    1 milliardga yaqin summani aytish ogʻizga osondir, ammo muhimi, shuncha mablagʻning kelajak uchun qurilayotgan poydevorga sarflanganida. Kelajakka tikilgan har qanday sarmoya esa 10 baravar boʻlib qaytishi tajribada isbotini topgan.