Ushbu holatga zudlik bilan oydinlik kiritish maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan toʻplangan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Surxondaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi balansidagi 2013-yilda ishlab chiqarilgan “Neksiya-2” rusumli avtomashina eskirib yaroqsiz holga kelib qolganligi sababli uning oʻrniga bir dona xizmat avtomashinasi xarid qilishga ruxsat soʻrab, 2020-yil 2-oktyabrdagi 23-31631-sonli xat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga murojaat qilgan.
Ushbu murojaatga Moliya vazirligi 2020-yil 9-oktyabrda YES 8724-sonli javob xati yoʻllangan. Unga koʻra, Boshqarma balansidagi “Neksiya-2” rusumli avtomashinasini oʻrnatilgan tartibda sotib, oʻrniga belgilangan limit doirasida Soliq organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir dona “Neksiya-3” avtomashinasi xarid qilishga rozilik bildirgan.
Oʻzavto dileri “Avto-sentr-Qashqadaryo” bilan Surxondaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi oʻrtasida 2020-yil 30-sentyabrda 3-250-2020-1563UA-sonli shartnoma tuzilib unga asosan bir dona Equinox rusumli avtotransport vositasi xarid qilingan.
Taʼkidlash lozimki, keyingi davrlarda Davlat soliq xizmati organlari soliq toʻlovchilarning yaqin hamkori sifatida yangi imidjini shakllantirdi. Bunda xalq manfaatiga zid boʻlgan har qanday holatga keskin munosabat bildirish asosiy prinsiplardan sananaladi.
Ushbu prinsip asosida holat yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining buyrugʻi qabul qilindi. Xizmat tekshiruvi davomida aniqlangan maʼlumotlar qoʻshimcha ravishda eʼlon qilinadi.
Davlat soliq qoʻmitasi OAV vakillari va blogerlarga ushbu holatga aniqlik kiritilishida faol ishtiroki uchun oʻz minnatdorligini bildiradi hamda jamiyat manfaati yoʻlida bu kabi muhokamalar uchun doimo ochiq ekanligini maʼlum qiladi, deyiladi xabarda.