Surxondaryo viloyati tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Biznes 21 Sentabr 2022 1646

    Joriy yil 20-sentyabrda Termiz shahrida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi rahbariyatining tadbirkorlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.

    Muloqotga taklif etilgan 100 dan ortiq ishbilarmonlarning murojaatlari Komissiya aʼzolari tomonidan har tomonlama koʻrib chiqildi. Koʻtarilgan muammolar asosan investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksport qiluvchilarni tijorat banklari tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, yer uchastkalari, boʻsh bino va inshootlarni ajratish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur boʻlgan har xil sertifikatlar va ruxsatnomalarni olish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va boshqa dolzarb masalalar bilan bogʻliq edi.

    Har bir muammo tegishli vazirliklar, idoralar va viloyatning tuman va shaharlaridagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida oʻrganildi va tahlil etildi. Masalalarni amaliy hal etish mexanizmlari ishlab chiqildi va aniq muddatlarni koʻrsatgan holda tegishli rahbarlarga manzilli topshiriqlar berildi.

    Bundan tashqari, tadbirkorlar investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.

    Oʻz navbatida, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga biznes hamjamiyati bilan doimiy, tizimli hamkorlik qilish, yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish va murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish boʻyicha samarali choralarni koʻrish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.