Tashrifning asosiy vazifasi tadbirkorlar bilan maqsadli ishlash tizimini tashkil qilish va mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha uzluksiz muloqotni yoʻlga qoʻyish orqali investitsiyalar, sanoat va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Komissiya aʼzolari korxonalarga bir qator safarlar tashkil qilib, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan suhbatda boʻldilar hamda ishlab chiqarish obyektlarining hozirgi holatini, hududning resurs va sanoat salohiyatini oʻrgandilar, shuningdek, sanoat ishlab chiqarishini koʻpaytirish, yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, eksport salohiyatini yuksaltirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatlarini aniqlash boʻyicha ish olib bordilar.
Shuningdek, joylarda bevosita olib borilgan faoliyat doirasida tumanlar tadbirkorlari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi. Unda tadbirkorlarning taklif va muammolari tinglandi, tahlili amalga oshirildi hamda yechimi yuzasidan vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga tegishli koʻrsatmalar berildi. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kredit resurslarini taqdim etish, yer uchastkalari, bino va inshootlarni ajratish, ruxsatnomalar, sertifikatlar va litsenziyalar olish, oldin toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish, korxonalarni muhandislik kommunikatsiyalariga ulash, soliq va bojxona tartibga solishning alohida mexanizmlarini qoʻllash bilan bogʻliq va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Ochiq muloqot davomida jami 210ta tadbirkorlik subyektining murojaatlari tinglandi va 243ta masala koʻtarildi. Shundan 142tasi kredit resurslari ajratish, 16tasi – ilgari toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini qaytarish, 13tasi – korxonalarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, 12tasi – yer ajratish, 11 tasi – eksport faoliyati bilan bogʻliq va boshqa bir qator masalalardir.
Yigʻilish interfaol tarzda kechgani mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish hamda navbatdagi saʼy-harakatlarning optimal algoritmini belgilash maqsadida muammolar yechimining yoʻllarini bevosita joyida, mutasaddi rahbarlar ishtirokida koʻrib chiqish imkonini berdi.
Tadbirkorlar tomonidan koʻtarilgan har bir masala yuzasidan muhokama yakunlari boʻyicha vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari va tijorat banklarining masʼul rahbarlariga aniqlangan muammolarni hal etishning muddatlari va mexanizmlari aniq belgilangan holda tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi hamda Bosh prokuraturaga viloyat tadbirkorlari va eksportchilari tomonidan ochiq muloqot chogʻida tilga olingan muammolarning sifatli va oʻz vaqtida hal etilishini nazorat qilish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.