Vohada kuz va bahor mavsumlarida koʼkalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxt koʼchatlarini ekish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida “Yashil Vatanim” aktsiyasiga start berildi.
Termiz shahrida koʼchat ekish oldidan tashkil etilgan tadbirda soʼzga chiqqan viloyat hokimi Toʼra Bobolov va boshqalar mamlakatimizda tabiat boyliklarini asrab-avaylash, ulardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʼz yuritishdi.
Mazkur aktsiya doirasida viloyat boʼyicha 17 million 993 ming dona daraxt koʼchatlarini ekish rejalashtirilgan. Uning 1 million 54 ming donasini Termiz shahridagi mahallalar, guzar va hiyobonlar, ziyoratgoh va qabristonlar, markaziy koʼchalar atrofiga ekish koʼzda tutilgan.
“Yashil Vatanim” aktsiyasining birinchi kunida Termiz sanʼat saroyi, “Fidokor”, “Shifokor”, Аt-Termiziy, Ibn Sino, Islom Karimov nomli koʼchalar atrofiga dastlabki 10 ming dona manzarali daraxt koʼchatlarini ekishga kirishishdi.