Qizigʻi shundaki, bir soatga yaqin davom etgan OAV bilan suhbatni matbuot xizmati tigʻiz ish tartibi tufayli toʻxtatishga urinishiga qaramay, prezident jurnalistlarga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berishga imkoniyat berdi.

Jurnalistlar bilan suhbatdan prezident Mirziyoyev ularga vioyatni rivojlantirishdagi soʻnggi natijalar va rejalar toʻgʻrisida toʻliq tasavvurni yetkazishga intilgani koʻrinib turdi.

Jurnalistlarning savollariga javob berayotib, prezident viloyat duch kelayotgan qiyinchiliklar toʻgʻrisida ochiqchasiga gapirdi. U Surxondaryo qiyin mintaqalardan biri ekanligini tan oldi. Ammo bu yerda ham rivojlanish boshlandi, koʻp yillik muammolar asta-sekin hal qilinmoqda.

Sh.Mirziyoyevning soʻzlariga koʻra, avval viloyatda elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolar tufayli birorta ham loyihani amalga oshirish mumkin emas edi. Bugungi kunda vaziyatni toʻgʻirlash boʻyicha koʻplab ishlar olib borilmoqda, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishga tushirish orqali. Masalan, Sherobodta quvvati 457 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi, u 300 mingta xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.

Viloyatni suv bilan taʼminlash masalasi tubdan hal qilinadi, suvni tejash usullari joriy etilib, suv sarfini 50%ga tejashga erishilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat aholisini uy-joy bilan taʼminlash muammolari amaliy hal qilinmoqda. Bu yil 3,8 ming kvartirali koʻp qavatli uylar quriladi, ulardan deyarli 1,5 mingtasini ehtiyojmand oilalarga ajratish rejalashtirilgan.

Xalqaro kun tartibiga ham toʻxtalib oʻtildi. Prezident “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” va “Mozori-Sharif-Peshovar” kabi Oʻzbekiston uchun strategik ahamiyatga ega temir yoʻl loyihalariga talab katta ekanligini taʼkidladi. Ularni amalga oshirish mamlakat uchun katta iqtisodiy istiqbollarni ochib beradi va Surxondaryo mintaqaning asosiy transport markaziga aylanishi mumkin.

Mirziyoyev tayyorgarlik ishlari qizgʻin davom etayotgan Tojikistonga boʻlajak tashrif haqida ham aytib oʻtdi. Unga koʻra, tomonlar aniq hamkorlik loyihalari boʻyicha muhim hujjatlar toʻplamini imzolash niyatida. Shuningdek, yaqin kelajakda oʻzaro savdo aylanmasini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.