Kichik sanoat zonalari joylardagi boʻsh turgan, foydalanilmayotgan bino-inshootlar yoki yer uchastkalari negizida davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi sheriklik asosida barpo etiladi.
Tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga bozor toʻyinmagan eksportbop va import oʻrnini bosuvchi istiqbolli loyihalarni joylashtirish orqali yangi, raqobatbardosh sanoat hamda kichik xususiy korxonalar rivojini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shu asosda aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish koʻzda tutilgan.
Hozirda Surxondaryo viloyatida 9 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularda umumiy qiymati 143,2 mlrd. soʻmlik 75 dan ziyod loyiha amalga oshirilmoqda. 350 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Mazkur loyihalar asosida toʻqimachilik, kimyo, oziq-ovqat, mashinasozlik, zamonaviy qurilish materiallari, charm-poyabzal, mebel hamda ichki va tashqi bozorda xaridorgir boʻlgan boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Yana 9 ta kichik sanoat zonasida esa hozirda eksportbop, import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchi loyiha tashabbuskorlarini jalb etish ishlari olib borilmoqda.