Yaʼni, Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan byudjet va kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan 1 nafar sobiq bank xodimi va 7 nafar turli tashkilot xodimlari ehtiyot chorasi sifatida majlis jarayonidan qamoqqa olingan.
TAFSILOTLAR QUYIDAGICHA: joriy yil may oyida “Surxondaryodonmahsulotlari” AJga qarashli “Alpomish” un tegirmoni sobiq rahbari D.A. va ombor mudiri F.A. qiymati 12 mlrd. 87 mln. soʻm boʻlgan 2 ming 884 tonna don mahsulotini talon-toroj qilgani aniqlandi.
Tergov harakatlari davomida D.A. oʻzi tomonidan talon-toroj qilingan 616 tonna don mahsuloti uchun yetkazilgan zararni, yaʼni 2 mlrd. 607 mln. soʻmni toʻliq qoplagani uchun unga nisbatan qoʻllanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi “garov”ga oʻzgartirilgan.
Shuningdek, mazkur jinoyat ishi doirasida “Muzrabot don qabul qilish shoxobchasi” sobiq mudiri O.I. “Alpomish” un tegirmoni sobiq rahbari Yo.O.lar katta miqdordagi don mahsulotlarini talon-toroj qilgani aniqlangan. Natijada ularga nisbatan ham “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Bundan tashqari, un tegirmoni sobiq rahbari (Yo.O)ning qiymati 4 mlrd. 886 mln. soʻmlik 1 ming 166 tonna don mahsulotini talon-toroj qilgani aniqlandi. Tergov jarayonida sobiq rahbarga tegishli boʻlgan qiymati 5 mlrd. 400 mln. soʻmlik koʻchmas mulk obyektlari xatlovga olingan. Shu sababli unga nisbatan qoʻllanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi ham “garov”ga oʻzgartirildi.
Shuningdek, ombor mudiri F.A. hamda tegirmon katta tahlilchisi X.J.lar tomonidan jinoiy yoʻl bilan topilgan 2 ta “Jentra” rusumli yengil avtomashina ham tegishli tartibda xatlandi.
Yana bir holat: 2021-yilda Shoʻrchi tumanidagi “Shurchi Indenim Klaster” MCHJ tassarufidagi 1376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan. Amalda texnologiya 142,7 gektar maydonda barpo etilib, pudratchi “Agro new drip” MCHJ tomonidan ishlar toʻliq yakuniga yetkazilmagan. Hisobotlarda esa ishlarning toʻliq bajarilgani koʻrsatilgan. Bu esa katta miqdordagi subsidiya mablagʻlarining ajratilishiga sabab boʻlgan.
Oʻrganishlar davomida “Amu-Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi T.A. va ushbu boshqarmada faoliyat yuritib kelayotgan ayrim masʼul shaxslar davlat byudjetidan subsidiya mablagʻlari ajratilishi haqidagi imkoniyatdan qasddan foydalanib, yuqoridagi 142,7 gektar maydondan tashqari, qoʻshimcha 993 gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgani haqida soxta hujjatlar tuzgan.
Oqibatda “Shurchi Indenim Klaster” MCHJga 6 mlrd. 747 mln. 640 ming soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlari asossiz ajratilgan va iqtisodiyotga katta miqdorda zarar keltirilgan. Mazkur holat yuzasidan T.A.ga gumonlanuvchi sifatida “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda esa “Shurchi Indenim Klaster” MCHJ masʼul shaxslari tomonidan keltirilgan 6 mlrd. 747 mln. 640 ming soʻmlik zararning davlat foydasiga undirilishi taʼminlandi. Shu munosabat bilan unga nisbatan qoʻllanilgan “qamoq” ehtiyot chorasi “garov”ga oʻzgartirildi.
Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.