Surxondaryoda ayol eri tomonidan ayovsiz kaltaklangani aytilmoqda

    Surxondaryoning Termiz shahrida eri tomonidan muntazam kaltaklab kelingan ayol uyidan qochib ketdi.

    Bu haqida “Sukut saqlama” loyihasi xabar berdi.

    Jabrlanuvchining opasiga koʻra, ayol olti yildan beri turmushda. U uzoq vaqt davomida eridan tahqir va kaltaklarga chidab kelgan. 16-avgust kuni eri tomonida shafqatsiz kaltaklanishi soʻnggisi boʻlgan. Ayol eri uxlab qolguncha kutib, tong saharda kichik bolasi bilan uydan qochib ketgan.

    Postda eʼlon qilingan kuzatuv kameralaridan olingan videoda ayolning uydan deyarli hech narsasiz, qoʻlida faqat bolasini koʻtarib chiqqanini koʻrish mumkin. Shuningdek, kaltaklanganidan soʻng yuzida sogʻ joyi qolmagan ayolning suratlari ham berilgan.

    Tanishlari va shunchaki befarq boʻlmagan insonlar tomonidan postning koʻplab repostlaridan soʻng jabrlanuvchining turmush oʻrtogʻi oʻzini oqlashga urinib, “uni kaltaklashiga sabablar borligini” va “agar u shafqatsiz boʻlganida, uni tirik qoldirmagan boʻlardi” deydi.

    «Bu holat erkakning ayolga mulkdek qarashi, qilgan jinoyatiga tavba qilmasligi, oʻziga yoqmagan ish uchun uni jazolashi normal holat ekanligini koʻrsatadi. Avvalgi harakatlari uchun jazosiz qolgani uchun ayolni biron aybi uchun kaltaklash mumkinligini ochiqchasiga gapirishiga olib keldi», deb yozadi loyiha mualliflari.

    Holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB rasmiy munosabat bildirdi.

    Aniqlanishicha, joriy yilning 15-avgustidan 16-avgustiga oʻtar kechasi, tungi soat 02:30 larda Termiz shahrining Mehrabod mahallasida yashovchi fuqaro T.E. hamda uning turmush oʻrtogʻi J.E.larning oʻrtalarida kelib chiqqan oilaviy nizo oqibatida, fuqaro T.E. turmush oʻrtogʻi J.E.ning yuz-chakka va quloq sohasiga urib jarohat yetkazgan.

    «Hozirda mazkur holat yuzasidan Termiz shahar IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Holat yuzasidan qonuniy chora koʻrilishi taʼminlanadi», deyiladi rasmiy izohda.