Surxondaryoda “Cobalt” gaz quvuriga borib urildi

    Avariya oqibatida ikkita mahalla aholisi vaqtincha gaz taʼminotisiz qoldi.

    Energetika vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, shu yilning 6-noyabr kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Bogʻiston“ MFY hududidan oʻtuvchi gaz quvuriga “Cobalt” rusumli avtotransport vositasining urilishi oqibatida avariya holati sodir boʻlgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, avariya oqibatida soat 11:00 dan “Bogʻiston“ va “Gazarak“ MFY hududidagi 700 ta aholi xonadoni va 3 ta ulgurji isteʼmolchining tabiiy gaz taʼminoti vaqtincha toʻxtatildi.

    Qayd etilishicha, avariya holati bartaraf etilishi bilan gaz taʼminoti qayta tiklanadi, — deyiladi xabarda.