Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi qaroriga binoan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan va mamlakatimizda faoliyati taʼqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Taʼkidlash lozimki, guruh aʼzolari orasida muqaddam ekstremistik gʻoyalar bilan bogʻliq sodir etgan jinoyatlari uchun 2021-yilda yengillik qoʻllanilib, shartli ozodlik bilan ochiqlikda qoldirilgan shaxslar ham bor.

2024-yilda tashkil etilgan guruh aʼzolari viloyatning togʻoldi hududlarida hordiq chiqarish niqobi ostida oʻtkazilgan diniy yigʻinlarda terrorchilik tashkilotlari gʻoyaviy rahnamolarining maʼruzalarini tinglab, Suriya davlatiga borib, jangarilar safida “jihod” qilish va oʻzlarini portlatish yoʻli bilan “shahid” boʻlish masalalarini muhokama qilishgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti yollovchilari bilan muloqot oʻrnatib, ular yuborgan qoʻlbola portlovchi qurilmalar va zaharlovchi moddalar tayyorlashning elektron yoʻriqnomalari yordamida keyinchalik qoʻporuvchilik harakatlarini amalga oshirishni reja qilishgan.

Shu maqsadda “Telegram” messenjeridagi yopiq guruhda xorijdagi terrorchilar koʻmagida portlovchi moddalar tayyorlash boʻyicha nazariy bilimlarni oʻrganishgan.

Taʼkidlash joizki, jinoiy guruhning 4 nafar aʼzosi Internetdagi targʻibotlar taʼsirida Suriyadagi jangarilar safiga borib qoʻshilishga ulgurgan. Natijada ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, rasmiy qidiruv eʼlon qilingan.

Guruhning 20 nafar faol aʼzosiga nisbatan sud hukmi oʻqildi va ular Jinoyat Kodeksining 155, 155-2, 155-3, 159, 244-1 va 244-2 moddalari bilan aybli deb topilib, qilmishlariga mos ravishda 6-yildan 13-yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

Guruhning qolgan aʼzolariga nisbatan esa insonparvarlik prinsiplari bilan yengillik qilinib, kechirimlilik siyosati qoʻllanildi.