Ramazon ehsoni bahonasida o'qituvchilardan pul yig'ish topshirig'ini bergan Jarqo'rg'on tumani hokimi o'rinbosari Anvar Rajabov ishdan olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov xabar berdi.
Uning bildirishicha, Jarqo'rg'on tumanidagi 33-sonli umumta'lim maktabi pedagog xodimlaridan pul mablag'i majburiy tartibda yig'ilayotgani haqidagi xabar yuzasidan tayinlangan xizmat tekshiruvi yakunlandi.
Tekshiruv viloyat hokimi nazoratida o'tkazilib, holatlar kompleks tarzda o'rganildi, hujjatlar tahlil qilindi va mas'ul shaxslarning tushuntirishlari olindi. Natijada Jarqo'rg'on tumani hokimining o'rinbosari Anvar Rajabov tomonidan berilgan ko'rsatma amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani, xususan, ixtiyoriylik tamoyili buzilgani aniqlandi, deyiladi xabarda.
Xizmat tekshiruvi xulosasiga muvofiq Anvar Rajabov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shu bilan birga, uning harakatlariga huquqiy baho berish uchun tekshiruv materiallari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.