Aniqlanishicha, joriy yilning 2-fevral kuni Muzrabot tumani “Mehnatobod” mahallasida yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi bilan ayblanuvchi tariqasida o‘tayotgan R.R. ismli ayolning uyiga 6 nafar erkak kelib, qarz bo‘lgan pullarini talab qilib, manzilda janjal chiqarishgan hamda jamoat tartibi va fuqarolarning tinchligini buzishgan.

Chaqiruv asosida voqea joyiga yetib borgan profilaktika inspektorlari tomonidan janjal qilayotgan fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilib, holatni rasmiylashtirish maqsadida tuman IIBga olib ketish jarayonida, ulardan biri 1972-y.t. Ch.X. xodimlarga keskin qarshilik ko‘rsatib, profilaktika inspektori kapitan R. Choriyevning yuz qismiga boshi bilan zarba bergan. Javobgarlikdan qutulish maqsadida, Ch.X. o‘zini hushini yo‘qotganday ko‘rsatib simulyatsiya qilgan.

Kasalxonaga olib borilib, Ch.X.ning sog‘lig‘ini tekshirish jarayonida, uning farzandi 2008-yilda tug‘ilgan M.X. yetib kelib, profilaktika inspektori mayor E.Azamovga to‘satdan xujum qilgan vaqtida, xodim tomonidan jismoniy kuch ishlatib, zararsizlantirilgan.

Hozirda holat yuzasidan Muzrabot tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Ch.X.ga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, uning voyaga yetmagan o‘g‘li M.X.ga nisbatan qonunchilikka muvofiq tilxat ehtiyot chorasi belgilangan.