Surxondaryoda IIB xodimi qoʻli kishanlangan fuqaroni nega qoʻl koʻtargani boʻyicha rasmiy axborot berildi

    Ijtimoiy hayot 12 May 2023 1697

    Ijtimoiy tarmoqda IIV xodimi qoʻli kishanlangan fuqaroni qiynab, kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi.

    Surxondaryo viloyati IIV holat yuzasidan axborot berishicha, 2023-yilning 6-maydan 7-may kuniga oʻtar kechasi soat 01:10 larda Muzrabot tumani “Shaffof” mahallasida yashovchi S.S. ismli ayol tuman IIB navbatchilik qismiga qoʻngʻiroq qilib, yashash uyiga notanish shaxs kelib koʻp marta eshigini tepib janjal qilayotgani haqida murojaat qilgan.

    Shu kuni tungi xizmatga jalb qilingan Muzrabot tumani IIB xodimi M.A. chaqirilgan manzilga borganda fuqaro U.P. kuchli alkogol mastlik holatida boʻlgan.

    Keltirilishicha, IIB xodimi fuqaroni qonuniy talabni bajarmagani uchun Muzrabot tumani Tibbiyot markazida tashkil etilgan Alkogol mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tumanlararo punktiga olib borgan.

    Ammo u tibbiyot birlashmasida ham davolanayotgan bemorlarning tinchligini buzib, qonuniy talablarga boʻysunmasdan, qoʻpol soʻzlar bilan haqoratlashda davom etgan.

    “Shundan soʻng, U.P.ni tinchlantirish maqsadida IIB xodimi qatʼiy harakat qilgan” – deyiladi xabarda.

    Maʼlum qilinishicha, hozirda xodimning harakatlari yuzasidan Surxondaryo viloyat IIB masʼullari tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.