Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi

    Ta'lim 12 Avgust 2024 1955

    Oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasining uzviy davomi sifatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Taʼlim muassasasida oʻqish muddati 4-yil boʻlib, bakalavr darajasidagi oliy diniy maʼlumotli hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.

    Imom Termiziy nomidagi islom institutiga 2024-2025 oʻquv yili uchun qabul eʼlon qilinadi. Oʻqishga kirish istagida boʻlgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 2024-yil 14-avgustdan 20-avgustga (shu kuni ham soat 18:00 gacha) qadar davom etadi.

    Abituriyentlar Qabul hayʼatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

    - taʼlim muassasasi rektori nomiga ariza;

    - pasport yoki ID karta nusxasi (asli koʻrsatiladi);

    - oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasini tamomlagani toʻgʻrisidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;

    - 3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (soʻnggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda boʻlishi talab etiladi).

    Abituriyentlar quyidagi fanlar boʻyicha qabul imtihonlarini topshiradilar:

    - Arab tili (test sinovi) 30 X 3,1 – 93 ball

    - Hadis va Mustalahul hadis (ijodiy imtihon) 63 ball

    - Oʻzbekiston tarixi (test sinovi) 30 X 1,1 – 33 ball

    Arab tili boʻyicha B2 darajasidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi.

    Maʼlumot oʻrnida: Taʼlim muassasasiga hujjat topshirish uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

    Qabul imtihonlarini oʻtkazish sanasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi.