Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan imzolangan oʻzaro hamkorlik memorandumiga asosan “Kalibr” uzoq masofalarga oʻq otish klubi taʼsis etilgan.
“Kalibr” klubi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi qoshida tashkil etilgan boʻlib, klubning asosiy maqsadi ov va uzoq masofalarga oʻq otish sporti havaskorlari, Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi bilan hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajriba almashish hamda respublika hududida uzoq masofalarga oʻq otishni ommalashtirish hisoblanadi.
“Kalibr” uzoq masofalarga oʻq otish klubi Nizomiga muvofiq, ushbu klubga faqatgina Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasiga aʼzo boʻlgan (qurol olib yurishga haqli) fuqarolar qabul qilinadi. Birlashma niqoblanish, joyga moslashish, oriyentirlanish, qiyin sharoitlarda yashovchanlik borasidagi oʻz tajriba va koʻnikmalarini harbiy xizmatchilarga oʻrgatish boʻyicha mahorat darslari oʻtib borishi belgilangan.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug “Termiz” dala-oʻquv maydonida “Kalibr” klubining Surxondaryo viloyati miqyosida “Eng mohir ovchi” musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, mudofaa vazirligi va kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari hamda tumanlardan tashrif buyurgan klub aʼzolari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar ovchilarning boy tajribasi va mahoratini alohida taʼkidlab oʻtgan holda ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Qatnashuvchilar avtomat va merganlik miltigʻidan turli masofalardagi nishonlarni yoʻq qilish boʻyicha oʻzaro bellashdi. Taʼkidlash joizki, ishtirokchilar soni va ulardagi shijoat boshqa hududlarga nisbatan alohida ajralib turdi.
Yakunda yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilarga diplom va qimmatbaho sovgʻalar berildi.
Akbar AHMEDOV,
III darajali serjant
Termiz garnizoni