Surxondaryoda noqonuniy qum qazib olgan shaxslar ushlandi

    Surxondaryo viloyatining Angor tumanida noqonuniy tarzda qum qazib olgan shaxslar jamiyat manfaatlariga qariyb 2 mlrd soʻm zarar yetkazganligi aniqlandi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Angor tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.Ch. tegishli tartibda ruxsatnoma olmasdan tumandagi “Qoraqir” mahallasi hududidagi yer maydonidan maxsus texnikalar yordamida 18,9 ming kub hajmdagi tabiiy qum xom ashyosini oʻzboshimchalik bilan qazib olganligi natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,6 mlrd soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (oʻzboshimchalik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.