Surxondaryoda olis hududlardagi maktablar uchun avtotransport ajratildi

    Ta'lim 11 Noyabr 2022 1756

    Surxondaryoning olis hududlaridagi maktab filiallarida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning asosiy maktabga qatnashi uchun avtotransport ajratildi.

    Surxondaryo viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 26 ta umumtaʼlim maktablariga 26 ta Damas rusumli avtomashinalari berildi.

    Maktab oʻquvchilari uchun bunday qulayliklar Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining “Surxondaryo viloyati byudjetining joriy yil I-chorak yakuniga koʻra daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan mablagʻ ajratish toʻgʻrisida”gi qarori doirasida amalga oshirildi.

    Ushbu avtotransport vositalari viloyatdagi sharoitlari mavjud boʻlmagan maktab filiallarida taʼlim olayotgan oʻquvchilarni asosiy maktablarga tashish uchun xizmat qiladi. Kunning jaziramasi, qishning qahratonida olis maktablarga qatnaydigan 789 nafar oʻgʻil-qizlar endi barcha sharoitlari mavjud maktablarga transport vositasida qatnaydi. Viloyatdagi 26 ta taʼmirtalab maktab filiallarining faoliyati tugatildi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati Surxondaryo viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga tayanib.