Yangi xonadonlar tanlov asosida saralab olingan eng faol oʻqituvchi va shifokorlarga, shuningdek, nogironligi boʻlgan hamda kam taʼminlangan oilalarga muborak Ramazon tuhfasi sifatida bepul berildi.
Tumanda uy-joyga ehtiyojmand oilalarni uch yildan buyon imkon darajasida qoʻllab-quvvatlab kelayotgan saxovatpesha tadbirkor ism-sharifi va korxonasi nomi ochiqlanmasligini soʻraydi. Sodda qilib aytganda, ehtiyojmandlarga oʻng qoʻli berayotgan koʻmakni chap qoʻli sezmasligini xush koʻradi.
Bunday ezgu ishni boshlagan mehr-muruvvatli inson dastlabki yili 27 kam taʼminlangan oilaga oʻz hisobidan ixcham kottej uylar qurib bergan edi. Oʻtgan yili mohi Ramazon hayiti nishonlangan kunlarda uy-joyga ega boʻlmagan nogironligi bor va boquvchisini yoʻqotgan oilalarga besh qavatli 40 xonadonga moʻljallangan turarjoy binosini hadya qildi.
Bugun foydalanishga topshirilgan koʻp qavatli uylarga oʻtgan yilning oktyabr oyida ilk tamal toshi qoʻyilganida tadbirkor bu xonadonlarni aholi salomatligini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshayotgan tibbiyot xodimlari, yosh avlod taʼlim–tarbiyasi yoʻlida barchaga oʻrnak boʻlayotgan fidoyi oʻqituvchilar orasidan uy-joyga ehtiyojmandlarini tanlov asosida saralab olib, sovgʻa qilish, bir qismini yordamga muhtoj, kam taʼminlangan oilalarga bepul berish niyati borligini maʼlum qilgan edi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar, yangi uylarning sohibu sohibalari ishtirok etgan tantanali tadbirda inson qadrini ulugʻlash oliy qadriyatga aylangan Yangi Oʻzbekistonda aholi, ayniqsa, ehtiyojmand xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalar va nogironligi bor yurtdoshlarimizni uy-joy bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani, hududlarda ijtimoiy turarjoy binolari barpo etilayotgani taʼkidlandi. Bu jarayonda saxovatpesha tadbirkorning turarjoyga ehtiyoj sezayotgan fidoyi oʻqituvchi va shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash tashabbusini ilgari surgani ham millatimizga xos yuksak fazilat ekani qayd etildi. Jamiyatimizda sharafli va ayni paytda mashaqqatli kasb egalariga, boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlar va nogironligi bor oilalarga barcha moʻmin-musulmonlar qalbi ezgulik, mehr-oqibat nuriga toʻlib turgan saodatli kunda saxovat koʻrsatgan tadbirkorning kelgusi ishlariga fayzu baraka tiladi.
Yangi uyga koʻchib oʻtganlar safida oʻttiz yildan buyon shifokorlik kasbini sharaflab kelayotgan Muqaddas Namozova, fidoyi ustoz Dilrabo Fayzullayevalar ham bor. M. Namozova bemorlarga sogʻlik ulashish barobarida yolgʻiz oʻzi bir farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazmoqda. Mohir oʻqituvchi Dilrabo Fayzullayevaning yosh avlodga taʼlim-tarbiya berayotganiga 17-yil boʻldi. Baxtigul Qurbonova esa nogironligi bor oilaning uy bekasi.
--Turmush oʻrtogʻimning qandli diabet kasalligiga chalinganiga besh yildan oshdi,--deydi B. Qurbonova.-- Shu kasallik oqibatida bir oyogʻidan ajraldi. Ikki farzandni ulgʻaytirayapmiz. Uy-joyimiz yoʻq edi. Keksalarimiz bejiz uyi borning oʻyi yoʻq, deyishmas ekan. Mana, Yaratganning inoyati bilan bepul uyli boʻlgach, yelkamizdan togʻ agʻdarilgandek his etayapmiz, oʻzimizni. Bizga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrliklar uchun davlatimizdan behad minnatdormiz. Ilohim, ulugʻ ayyom kunlari saxovat koʻrsatgan qoʻli ochiq tadbirkorning ham martabasi ulugʻ, boyliklari yanada ziyoda boʻlaversin. Umri faqat quvonchli kunlar bilan oʻtsin!
Koʻp qavatli uylardagi xonadonlar ikki va uch xonali boʻlib, ularning har biri yuksak did bilan zamonaviy usulda jihozlangan. Yangi xonadonlarda hayotdan rozi boʻlib yashash uchun barcha sharoit muhayyo qilingan.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov Prezidentimiz nomidan yangi uylarning sohibu sohibalariga xonadonlar kalitini tantanali ravishda topshirdi.