Surxondaryoda oʻrik eksporti boshlandi

    Qishloq xoʻjaligi korxonalari hamda aholi bogʻlarida oʻrikning 18 turdagi ertapishar, hosildor navlari pishib etildi.

    Termiz tumani hokimligi Axborot xizmatining xabar berishicha, hozirgi kunda mahalliy va xorijiy qishloq xoʻjaligi korxonalari hamda aholi bogʻlarida pishib etilgan oʻrik chet davlatlarga eksporti boshlandi.

    Jumladan, tumanning Xalqobod mahallasi hududida joylashgan SPN Humoagro MCHJning 58 gektarga ekilgan Turkiya, Italiya va Gretsiya kabi davlatlardan keltirilgan Pretsiya, Rubista, Moyakot kabi oʻrikning 18 turdagi ertapishar, hosildor navlari pishib etildi.

    Pishib etilgan oʻrik hosili kunlik terib olinib, har kuni 10 tonnadan ortiq mahsulot Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda hamda mahalliy aholi isteʼmoli uchun respublikamiz boʻylab ichki bozorlarga chiqarilmoqda.

    SPN Humoagro MCHJ tomonidan Termiz tumanida 30 gektar maydonda shaftoli, 58 gektarda oʻrikning hosildor navlari ekilgan boʻlib, bu yilgi mavsum davomida oʻrikning oʻzidan 300 tonna atrofida hosil olish va chet davlatlarga 300-350 ming dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, MCHJ tomonidan 30 ta doimiy, 300 tagacha mavsumiy ish oʻrinlari yaratilgan.