Termiz shahridagi Sanʼat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini Surxondaryo viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Toʻra Bobolov oʻqib eshittirdi.
Soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tinch, obod hayotimizni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi bilan davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar boʻyicha qatʼiy pozitsiyasini ifoda etadigan Mudofaa doktrinasi ishlab chiqilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil boʻlayotir. Bu jarayonda joylarda harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etilgani mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritib, armiya va xalq birligini taʼminlash va hududiy mudofaa masalalarini yechishda hal qiluvchi organ vazifasini oʻtamoqda.
Mamlakatimiz janubidagi Surxondaryo viloyatida ham harbiy-maʼmuriy sektor yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qoʻshinlarning kundalik faoliyatini samarali tashkil etish, harbiy xizmatchilar va ular oilasining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda harbiy shaharchalar, poligonlar infratuzilmasini rivojlantirishda harbiy tuzilmalar komandirlariga yaqindan koʻmaklashmoqda.
Tantanali tadbirda bir guruh harbiy xizmatchilar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Azimbek Samadov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri