Surxondaryoda parrandachilikni rivojlantirish istiqbollari belgilandi

    Sanoat 15 Sentabr 2021 2078

    Surxondaryo viloyatida parrandachilikni rivojlantirish, jumladan, har bir xonadonda 100 ta bosh tovuq boqishni tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Bu borada viloyatda yoʻl xarita tuzilib manzilli reja ishlab chiqildi. Qumqoʻrgʻon tumanida tashkil etilgan seminar treningda tarmoqni yanada kengaytirish va sohani rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Shuningdek, seminarda har bir xonadonda 100 tadan parranda boqish orqali oilalarning daromad manbaini yaratish, turmush farovonligini oshirish hamda aholini arzon sifatli parhezbop goʻsht va tuxum bilan taʼminlash masalasiga aʼlohida eʼtibor qaratildi.

    Tadbirdan soʻng qatnashchilar, “Imom tepa” mahallasidagi parrandachilik bilan shugʻullanayotgan aholi xonadonlarida boʻlib, bu yerda ularga parrandachilik sirlari uning parvarishi daromad olish imkoniyatlari boʻyicha maʼlumot berildi.

    – Men 100 ta dona tovuq oldim, hozirgi kunda tovuqlarni parvarish qilyapman, oilamizga qoʻshimcha daromad olib keladi. Hozirda kelinlarim va oʻgʻillarim bilan birgalikda koʻchatchilik va parrandachilik bilan shugʻullanamiz. Yurtimizda olib borilayotganislohotlar natijasida kredit olish muammosiga barham berildi, - deydi fuqaro Rashid Choriyev.

    Seminar ishtirokchilari, shuningdek, Qumqoʻrgʻon tumanining “Chayontepa” mahallasida joylashgan Niyozov Abulqosim xususiy korxonasida ham boʻlib, parrandachilik kompleksi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Eʼtiborlisi, bu yerda parrandachilik mahsulotlari bilan birgalikda zarur ozuqalar tayyorlash ham yoʻlga qoʻyilgan.

    – Germaniyadan 50 ming bosh tovuqqa moʻljallangan texnologiya olib kelib oʻrnatdik. Shu bilan birga 10 ta ish oʻrni yaratdik, faoliyatimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz. Hozirgi qilayotgan ishlarimiz tuxumchilikka ixtisoslashgan boʻlsa, keyingi saʼy-harakatimiz esa tovuq goʻshtini arzon narxda aholiga yetkazib berishga qaratilgandir, - deydi korxona rahbari Abulqosim Niyozov.

    Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan chuqur islohotlar ertangi yorugʻ kelajagimizga hizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    “Parrandasanoat” uyushmasi

    Matbuot xizmati.