1 ming 277 ta terim otryadi tashkil etilib, xomashyoni qabul shoxobchalariga peshma-pesh yetkazib berish uchun 1 ming 10 ta tashish traktori, 1 ming 965 ta tirkama biriktirildi. Mavsumni tez, sifatli yakunlash uchun xorijning zamonaviy 60 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi.
Termiz tumanida 73 ta fermer xoʻjaligi dalasida paxta yetishtirilmoqda. “Qoraxon paxtakori” fermer xoʻjaligi erta bahorda 21 gektar maydonga “Sulton” navli chigit urugʻini qadab, bir tekis undirib oldi.
Bu yil Termiz tumanida 1 ming 700 gektar, Angor tumanida 4 ming 450 gektar, Muzrabot tumanida 7 ming gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanib, salmoqli hosil toʻplandi.
Tuprogʻi unumdor, iqlimi paxta yetishtirish uchun qulay vohada yigʻim-terim boshlangan ilk kunda viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov Termiz, Angor va Muzrabot tumanlaridagi paxta dalalarida boʻldi.
Terim jarayoni va paxta maydonlarida terimchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Terimchilar bilan suhbatlashib, sovgʻalar topshirdi. Mutasaddilarga mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish, dalaning oʻzida issiq ovqat, toza ichimlik suvi, dam olish uchun zarur sharoit yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Mutaxassislarning aytishicha, mavsumning ikkinchi terimi yangi paxta terish mashinalari yordamida yigʻishtirib olinadi.