Surxondaryoda sel keldi

    Kecha, 8-noyabr kuni, kunning ikkinchi yarmida M39 xalqaro avtomagistral yo‘lining Boysun tumani “Chilonzor” mahallasidan o‘tgan qismida sel-suv toshqinlari yo‘lning qatnov qismiga chiqib kelgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot  xizmati xabar qildi.

    Ma’lum qilinishicha, hodisa joyiga tuman hokimligi, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari xodimlari yetib borgan va vaziyat nazoratga olingan.

    Sel-suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish, yo‘ldagi loy-shag‘al aralashmasini tozalash ishlari olib borilmoqda. Transport harakati tiklangan.

    Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar xodimlari tomonidan yo‘l bo‘yida joylashgan ayrim xonadonlar va boshqa obyektlarda suv to‘plamlarini tozalash ishlari davom ettirilmoqda.

    Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.