Surxondaryoda shaftoli hosili eksportga tayyor

    Surxondaryo viloyati iqlimi ushbu hududdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan erta hosil olish imkonini beradi. Jumladan, Termiz tumanida shaftoli pishib yetildi hamda ichki va tashqi bozorga yoʻl olishga tayyor.

    Ayni kunlarda tuman hududida joylashgan bogʻlarda shaftoli yigʻim-terimi boshlangan. Hosil kutilganidanek yaxshi, mevalar sifati jihatidan eksport talablariga mos keladi. Hozirda, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi mamlakatlar haridor boʻlib turishibdi.

    Bojxona xodimlari ham bu jarayonda bevosita ishtirok etishib, tadbirkorlarga “Eksport 3 qadamda” amaliyoti orqali daladan togʻridan-toʻgʻri xorijga eksport qilishlari mumkinligi, eksport shartnomasi va yoʻl yuk hujjatlarining elektron nusxalari orqali bojxona axborot tizimlari avtomatik tarzda inson omilisiz bojxona yuk deklaratsiyalarini shakllantirishi haqida maʼlumot berishmoqda.

    Statistikaga nazar solsak, 2024-yilda viloyatning tadbirkorlik subyektlari tomonidan Rossiya, Qozogʻiston, Belarussiya, Quvayt va Moʻgʻuliston davlatiga sal kam 10 mln AQSH dollarlik 11200 tonna shaftoli mahsulotlari eksport qilingan.

    Maʼlumot uchun, mazkur erta yetiluvchi shaftoli koʻchatlari 2021-yilda Gretsiya davlatidan 245 ming AQSH dollar qiymatida 66075 dona keltirilgan boʻlib, “Termiz” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida rasmiylashtirilgan.

    Bugungi kunda ushbu bogʻlarda hosil yetishtirish bilan bir qatorda, mevalarni saralash, qadoqlash va eksportga tayyorlash amaliyoti ham joriy etilgan.