Surxondaryoda somonpoya yoqib yuborildi

    Gʻalladan boʻshagan yer maydonini oʻzboshimchalik bilan yoqib yuborgan fuqaro javobgarlikka tortildi.

    Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Denov tumani "Bobur SUI" hududidagi gʻalladan boʻshagan yer maydonni yoqib yuborish holati boʻyicha Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi Denov tuman boʻlimi tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.

    Oʻrganish ishlari davomida shu yilning 10-iyul kuni "Sangardak Oltin tola" fermer xoʻjaligidagi gʻalladan boʻshagan yer maydonini shu mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro М.Sh. yoqib yuborganligi aniqlandi.

    Hozirda holat yuzasidan fuqaro М.Sh.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 million 200 ming soʻm jarima qoʻllanildi.

    Shuningdek, fuqaro ushbu ishni sodir etish oqibatida tabiatga 3 million 646 ming soʻm zarar yetkazganligi aniqlanib, undirish ishlari olib borilmoqda.