Surxondaryoda tovlamachi va zoʻravon jinoiy guruh qoʻlga olindi

    Surxondaryo viloyati Denov tumanida fuqarolarga tahdid va zoʻrlik ishlatib kelayotgan jinoiy guruh ushlandi.

    Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar berdi.

    Jinoiy guruh yetakchisi 1990-yilda tugʻilgan boʻlib, ilgari ham JKning 277-moddasining 2-qismi bilan sudlangan. U 2001-2002 va 1986-yilda tugʻilgan 3 nafar shaxsni yollab, qabih ishlarini bajarib yurgan. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu guruhning noqonuniy xatti-harakatidan 10 dan ortiq fuqaro jabrlangani aniqlandi.

    Masalan, uyushgan jinoiy guruh yer masalasi boʻyicha dahli boʻlmagan nizoga aralashgan. 1987-yilda tugʻilgan fuqarodan 20 million soʻm talab qilib, oila aʼzolariga tazyiq oʻtkazish bilan qoʻrqitgan.

    Shu kabi ularga bogʻliq boʻlmagan, boshqalarning qarz oldi-berdisiga aralashib, 2006-yilda tugʻilgan fuqarodan 10 mln soʻm talab qilgan. Pichoq bilan tahdid qilib, axloqqa zid harakatlarga majburlab, videotasvirga olib, tarqatib yuborish bilan qoʻrqitib kelgan. Jabrlanuvchi esa ushbu pullarni ishlab topish maqsadida Rossiyaga ketgani maʼlum boʻldi. Yoshlardan esa sababsiz zoʻravonlik bilan pul talab qilgan.

    Shuningdek, 2008-yilda tugʻilgan fuqaroni mashinasiga oʻtirgʻizib, kimsasiz yerga olib borib, bel qismiga va boʻyniga pichoq tirab notanish odamlarni jismoniy qiynoqqa solgan videolarni koʻrsatish va oʻldirish bilan tahdid qilgan holda, boʻlib-boʻlib umumiy 39 ming 800 AQSH dollari miqdoridagi pulini olishgani aniqlandi.

    Ular telefon savdosi, oylik ish haqi, avtomashina oldi-sotdisi, ishga joylash, ishlagan pulni undirib berish kabi barcha masalalarda fuqarolarga tahdid, qoʻrqitish, tovlamachilik va zoʻravonlik orqali milliardlab pullarni talab qilib, ularni jim yurishga majbur qilgan.

    Mazkur holatlar yuzasidan uyushgan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan JKning 165-137-138 va 141-3-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.