Surxondaryoda UNICEF hamkorligida inklyuziv taʼlim rivojlantiriladi

    Ta'lim 5 May 2023 2052

    Maktabgacha taʼlim agentligi direktorining oʻrinbosari O.Rahmatillayev UNICEFning Oʻzbekistondagi vakillari va taʼlim sohasidagi xalqaro ekspert Tereza Gonsales xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda tomonlar Surxondaryo viloyatida inklyuziv taʼlim, ijtimoiy xizmatlar va huquqiy yordamdan keng foydalanishni taʼminlashga qaratilgan istiqbolli loyihani amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

    Ushbu loyihada Surxondaryo viloyati maktabgacha taʼlim tashkilotlari negizida 10 ta inklyuziv koʻp tilli maktabgacha taʼlim guruhlari, shu jumladan til va etnik jihatdan kam sonli boʻlgan bolalar uchun guruhlarning tashkil etilishini nazarda tutadi. Loyiha doirasida UNICEF taʼmirlash ishlari xarajatlarini qoplash, guruh xonalarini mebel, oʻyinchoqlar, oʻquv materiallari bilan jihozlash, shuningdek uslubiy yordam koʻrsatish shaklida koʻmak beradi.

    Eslatib oʻtamiz, Tereza Gonsales xonim yaqin kunlarda Surxondaryo viloyatiga ish yuzasidan tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida u Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining masʼul xodimlari, loyiha boʻyicha tanlangan maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari, metodistlari va tarbiyachilari bilan suhbatlar oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻldi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim agentligi matbuot xizmati.