Surxondaryoda “Zarchob-1 kichik GES” loyihasi ishga tushirildi

    Energetika 3 Aprel 2021 1793

    Surxondaryo viloyatida “Zarchob-1” kichik GESdagi gidroinshootlar sinov-tajriba jarayoni muvaffaqiyatli yakunlandi.

    2020-yilda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan 6 ta yangi qurilish va modernizatsiya loyihalari foydalanishga topshirilgan. Mazkur loyihalarning umumiy quvvati 118,3 MVtni tashkil etadi. Bu esa, qoʻshimcha 543 million kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqariladi.

    “Zarchob-1” kichik GESdagi gidroinshootlar sinov-tajriba jarayonidan muvaffaqiyatli oʻtdi. Toʻpolong daryosidan suv olib oʻtuvchi Zarchob-1 KGESga keluvchi 480 metr uzunlikdagi tunnel va 1 300 metr uzunlikdagi kanalda suv haydalib, sinov ishlari oʻtkazildi. Bosimli hovuzdagi suv koʻtarish inshootlari ishchi shay holatiga keltirilib, belgilangan tartibda sinovdan oʻtkazildi. “Zarchob-1” kichik GESning oʻrnatilgan quvvati 37,4 MVtni tashkil etadi.

    Taʼkidlash joizki, ushbu obyektdagi qurilish ishlari 2017-yilning avgust oyida boshlangan edi. GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan yetkazib berildi.

    Eng ahamiyatli jihati shundaki, ushbu resurslar tabiiy va qayta tiklanuvchidir. GESlar tomonidan ekologiyaga hech qanday zarar yetkazmagan holda, barqaror energiya ishlab chiqarilib, viloyat sanoat korxonalari, turli idoralar va mahalliy aholiga yetkazib beriladi.

    Mazkur gidroelektr stansiyaning ishga tushirilishi natijasida bir yilda oʻrtacha 101 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 33 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

    Mazkur loyihani ishga tushirilishi natijasida Surxondaryo viloyatining elektr energiyaga boʻlgan talabining muayyan qismini, sanoat va iqtisodiyot korxonalarini gidroenergiya hisobidan taʼminlash imkoni vujudga keladi, deb xabar beradi “Oʻzbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati.