Surxondaryodagi sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi

    Hukumat 13 Mart 2023 5161

    Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

    Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, voha ahli turli soha va tarmoqlarda ulkan natijalarga erishayotganini ta’kidladi.

    – Shunday go‘zal bahor kunlarida, ulug‘ ayyomlar arafasida sizlar bilan ko‘rishib turganimdan xursandman. Bugun viloyatga hokim qo‘yib, yangi marralarni belgilab olishimiz kerak. Maqsad – islohotlar ijrosi va darajasini oshirish, niyatlarni baland qo‘yib, shunga munosib harakat qilish, xalq ichiga kirib borib, ularni rozi qilish, – dedi Prezident.

    Yig‘ilishda hudud rivojining bugungi holatiga to‘xtalib o‘tildi. Oxirgi besh yilda viloyatda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida 15 mingdan ziyod korxona ishga tushgan. Yangi qurilgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” mikro gidro elektr stansiyalarida yiliga 201 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilmoqda.

    Shuningdek, 257 ta maktab qurilgan va rekonstruksiya qilingan, bog‘chalar qamrovi 18 foizdan 62 foizga yetgan. 302 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 1 ming kilometr xalqaro va 3 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirlangan.

    – Agar yana bir-ikki yil qattiq ishlab, xalqimizga astoydil xizmat qilsak, Surxondaryoda juda katta rivojlanish, o‘sish bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga Ulug‘bek Qosimov nomzodini tavsiya etdi.

    U.Qosimov 1983 yilda tug‘ilgan. 2018-yilga qadar Muzrabot va Denov tumanlari hokimi, 2018-2022-yillarda Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahar prokurori lavozimlarida ishlab, katta tajriba orttirgan.

    U o‘tgan yil dekabrdan buyon Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

    Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Ulug‘bek Qosimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

    Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

    Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish eng asosiy vazifa sifatida belgilandi. Mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish va kasanachilik orqali 60 mingdan ziyod aholini, yangi biznes subyektlari tashkil qilish orqali 4 ming aholini, ishsizlarni zamonaviy kasblarga o‘qitib 20 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi qayd etildi.

    Surxondaryoning iqlimi dehqonchilik uchun juda qulay, mahsulotlar erta pishadi. Shu bois viloyatda so‘nggi besh yilda meva-sabzavot asosiy ekin maydonlari 2,5 baravar ko‘paytirilgan. Bu yil aholi uchun yana 8 ming 500 gektar ajratilmoqda. Dehqonlarga sharoit yaratib, suv ta’minotini yaxshilab, oziq-ovqat mahsulotlari hajmini 2 baravar oshirish va eksportni 250 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

    Oxirgi besh yilda viloyat sanoatiga 30 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 5 mingdan ziyod korxona tashkil topgan. Ishlab chiqarish 3 baravar ko‘payib, sanoat eksporti 132 million dollarga yetgan. Surxondaryoda ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘lgan.

    Shu bilan birga, viloyatda hali foydalanilmagan konlar va imkoniyatlar ko‘p. Joriy yilda 292 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi belgilandi. Bu 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shuningdek, sanoatda importni 50 million dollarga qisqartirib, eksportni kamida 250 million dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Yig‘ilishda energetika masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidro elektr stansiyasi hamda yangi 3 ta kichik va mikro GESda shu yilning o‘zida 350 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Sherobod tumanida 457 Megavatt quvvatli yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha rejalar aytib o‘tildi.

    Umuman olganda, Surxondaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 465 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. Shuningdek, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 328 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

    Bular orqali 325 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlab, Surxondaryoni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi.

    Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

    Davlatimiz rahbari belgilangan rejalar endi hayotga ko‘chishi, barcha tashkilotlar hokim atrofida birlashib, xalqqa xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.