Oʻrganishlardan koʻzlangan maqsad viloyatda taʼlim sifatini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni aniqlash, sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish orqali kadrlar tayyorlash tizimining raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.
Ishchi guruh tomonidan oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-meʼyoriy hujjatlar, OTMlarning milliy reytingdagi oʻrnini oshirish va xalqaro reytingga kirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, professor-oʻqituvchilarni ishga qabul qilishda shaffoflikning taʼminlanganligi, oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimidan foydalanish holati, attestatsiya jarayonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bilan bogʻliq qator masalalarga eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, umumtaʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va metodik qoʻllab-quvvatlash holati, besh tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi, maktablar reytingida past natija koʻrsatgan maktablarni rivojlantirish hamda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha tayanch maktablar faoliyati oʻrganilmoqda.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha viloyatda OTMlar va maktablardagi taʼlim jarayonlarini takomillashtirish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi hamda yoʻl xaritalari ishlab chiqiladi.
Taʼkidlash joizki, dastlab Qashqadaryoda boshlanib, hozir Surxondaryoda davom etayotgan oliy taʼlim muassasalari va maktablar faoliyatini oʻrganish ishlari respublikamizning boshqa hududlarida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.