Surxondaryolik g‘allakorlar zafari

    Oʻtgan yilning kuzida 90,8 ming gektar maydonga bugʻdoyning serhosil va tezpishar navlari urugʻini ekib, oʻsimlikni namunali parvarishlagan voha gʻallakorlari gʻallazorlarda moʻl hosil toʻplashgani ayni gʻalvir suvidan koʻtarilayotgan shu kecha-kunduzda oydinlashdi.

    Chunki vohaliklar bugungacha bepoyon gʻallazorlardan 376 ming tonnadan ziyod sara don yigʻib olib, shuning 213 ming tonnadan ortigʻrogʻini qabul punktlariga yetkazib berib, davlatga don sotish rejasini ortigʻi bilan uddaladi.

    Surxondaryolik gʻallakorlarning mehnat muvofaqqiyatiga gʻalla oʻstirish bilan band boʻlgan 2483 ta fermer xoʻjaligi hamda 8 ta klaster jamoasining qoʻshgan hissasi salmoqli boʻldi. Viloyat boʻyicha har gektar gʻallazordan oʻrtacha 54,7 sentnerdan hosil olingan boʻlsa, bu koʻrsatkich Angor tumanida 72,3 sentnerni, Shoʻrchi tumanida 62,6 sentnerni, Denov tumanida 62,4 sentnerni, Qumqoʻrgʻon tumanida 58 sentnerni tashkil etdi. Surxondaryolik gʻallakorlarning choʻng xirmon yaratishida Sherobod tumani dehqonlari 48,7 ming, Muzrabot tumani gʻallakorlari 44 ming, Denov tumani mirishkorlari 46,5 ming, Jarqoʻrgʻon tumani dehqonlari 37,8 ming, Qumqoʻrgʻon va Angor tumani gʻallakorlari 33,5 ming tonnadan sara don topshirib, oʻzlarining munosib ulushlarini qoʻshdilar.

    Viloyat gʻallazorlarida oʻrim-yigʻim davom etmoqda. Dalalarda hamon yuqori unumli 80 tadan koʻproq kombayn ishlayapti. Chunki hali 22 ming gektar maydondagi bugʻdoy oʻrilgani yoʻq. Mutaxassislarning fikricha, gʻallazorlardagi jami bugʻdoy yigʻib olinsa, yalpi hosil miqdori 579 ming tonnaga yetadi va gʻallachilikdan keladigan umumiy daromad 1 trillion 72 milliard soʻmni, sof foyda esa 251 milliard soʻmni tashkil etadi.

    Usmonali NORMATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.