Surxondaryolik maktab direktori talaba boʻlgan bitiruvchilariga stipendiya vaʼda qildi

    Ta'lim 5 Iyul 2021 2181

    Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi 1-maktab direktori Xosiyat Qarayeva oliy taʼlim muassasasiga talabalikka qabul qilinadigan bitiruvchilariga oʻz nafaqa pulidan har oy stipendiya berishni oʻz rejasiga kiritdi.

    Direktorning oʻz oldiga qoʻygan maqsadi xalqining farzandlarini savodli qilishdan iborat. Pedagogik faoliyatini sust oʻzlashtiruvchi oʻquvchilarni faol oʻgʻil-qizga aylantirishga baxshida qilgan fidoyi ustoz – bugun iqtidorli oʻquvchilarini ragʻbatlantirish borasida eʼtirofga loyiq ishlarni amalga oshirmoqda, deya xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati.

    65 yildan buyon maktabda oʻquvchilar bilimini oshirib kelayotgan, bugungi kunda taʼlim muassasasini ibratli boshqarayotgan pedagog 80 yoshida ham “hordim-toldim” deyishni bilmaydi. Aksincha, yildan-yilga oʻquvchilarini yana-da bilimli qilish uchun ularni nafaqat maktab davrida, balki talaba boʻlganidan keyin ham qanday ragʻbatlantirish haqida tun-u kun oʻylaydi.

    Pensiyaga chiqib, keksalik gashtini surish davrida boʻlsa ham, maktabidagi oʻquvchilari hayoti, ularning kelgusida Vatani uchun munosib hissa qoʻshuvchi bilimdon avlod boʻlib yetishishi uchun yangi rejalar bilan yashaydi.

    Fidoyi direktorni hamisha qoʻllab-quvvatlab turuvchi oila aʼzolari – turmush oʻrtogʻi uning maoshini soʻramaydi, balki maktab va oʻquvchilar uchun qancha yordam kerak boʻlsa, oʻzi yordam berishini doimo taʼkidlaydi. Barchaga namuna boʻlayotgan mazkur oila - oʻquvchilarga, shu bilan birga maktabga kerak boʻlgan inson kuchi yetguncha ishlashi, yosh avlodning mukammal bilim olishi uchun oʻz hissasini qoʻshishi kerak, deb hisoblaydi.

    Xabarda taʼkidlanishicha, 80 yoshli direktor har oy oladigan nafaqa pulini iqtidorli oʻquvchilarga tarqatgan.

    Ayni paytda oʻzining 2,3 mln. soʻm nafaqasini toʻliq taʼlim sifatini oshirish, iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirishga sarflashni rejalashtirgan Xosiyat Qarayevani yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha pedagoglarga oʻrnak qilsa arziydi. Fidoyi pedagogga uzoq umr va savobli, ezgu ishlarida hamisha omad yor boʻlishini tilab qolamiz!