Surxondaryolik otaxon Haj ziyoratiga jamgʻargan mablagʻini koʻprik qurilishiga sarfladi

    Ijtimoiy hayot 29 May 2023 2114

    Boysun tumani Gumatak qishlogʻi aholisi, ayniqsa, maktab oʻquvchilari togʻli hududdagi soyga bahor fasli sel kelganda qishloq markaziga qatnashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi.

    Shu qishloqda yashaydigan caxovatpesha Ramazon Abdullayev muqaddas Haj safari uchun jamgʻargan mablagʻini togʻli qishloqda zamonaviy koʻprik qurilishiga sarfladi. Odamlar uchun ushalmas orzuga aylangan koʻprik yaqinda bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.

    Bunday ezgu ishga tuman hokimligi ham befarq qarab turmadi. Homiylik asosida koʻprik uchun mustahkam temir-beton materialini yetkazib berdi. Natijada soy ustida yogʻin-sochinli kunlarda nafaqat piyodalar balki, ogʻir yuk mashinalari ham xavfsiz harakatlanadigan keng, mustahkam koʻprik barpo etildi.