Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan boʻlib, joylarda qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun amalga oshirilayotgan suvga doir munosabatlarda mazkur tartib talablariga rioya etilayotganligi «Oʻzagroinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari va tuman boʻlimlari tomonidan oʻrganilib kelinmoqda.
2020-yilning oktyabr oyida «Oʻzagroinspeksiya» va uning quyi tuzilmalari tomonidan joylarda belgilangan tartibda oʻtkazilgan oʻrganishlarda jami 5385 ta holatda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi:
Xususan, Suv xoʻjaligi tizim tashkilotlari hisobida boʻlgan irrigatsiya tizimlarida 691 ta suv olish joylaridagi suvni boshqarish vositalari, 451 ta suv olish joylaridagi suv oʻlchash vositalari nosozligi, 265 ta suv olish joylarida suvning hisob-kitobi jurnallari yuritilmaganligi hamda365 ta suv olish joylarida jurnallar xatoliklar bilan yuritilganligi, 14 ta holatda suvdan foydalanish boʻyicha shartnomalar tuzilmaganligi aniqlandi.
Misol uchun, 2020-2021-yil kuzgi-qishki mavsumi uchun «Toʻpolang-Qoratogʻ» hamda «Surxon-Sherobod» irrigatsiya tizimi boshqarmalari bilan Bandixon tuman irrigatsiya boʻlimi hamda Toshkent viloyati nasos stansiya va energetika boshqarmasi bilan Boʻka tuman irrigatsiya boʻlimlari oʻrtasida suvdan foydalanish boʻyicha shartnomalar tuzilmagan va limit ajratilmagan.
Shu kabi, Piskent, Boʻka, Oʻrtachirchiq, Yangiyoʻl, Bandixon, Shumanay, Asaka, Jarqoʻrgʻon, Sherobod, Termiz, Urganch, Bogʻot va Qoʻshkoʻpir tumanlar irrigatsiya boʻlimlari bilan suv isteʼmolchilari uyushmalari oʻrtasida shartnoma rasmiylashtirilmagan. Mavsum uchun suv limiti ajratilmagan.
Bundan tashqari, Suv isteʼmolchilari uyushmalari, fermer xoʻjaliklari va klasterlar tomonidan ishlatilayotgan sugʻorish tarmoqlaridagi 1176 ta suv olish joylari suvni boshqarish, 910 ta suv olish joylari suv oʻlchash vositalari bilan jihozlanmagan. 666 ta suv olish joylarida suvning hisob-kitobi yuritilmaganligi, 849 ta holatda suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari oʻrtasida suv isteʼmoli boʻyicha shartnomalar tuzilmaganligi aniqlandi.
Oʻrganishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan «Oʻzagroinspeksiya»ning quyi tuzilmalari tomonidan vakolati doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 757 ta (271,6 mln.soʻm) maʼmuriy, 983 ta (895,1 mln.soʻm) jarima sanksiyalar qoʻllanildi. 536 ta holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqishlik uchun maʼmuriy sudlarga kiritilishi taʼminlandi.
Oʻz navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida 636 ta yozma koʻrsatma va taqdimnoma kiritildi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 3099 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.
Bugungi kunda nazorat tadbirlari belgilangan tartibda oʻtkazilib kelinmoqda.
“Oʻzagroinspeksiya" Matbuot xizmati