Ayniqsa, aholiga ichimlik suvi olib kelinishi uchun koʻchalardan quvurlar torila boshlangach, odamlarning quvonchi ichiga sigʻmadi. Nihoyat, quvurlar ham tortilib boʻlindi. Ammo oradan uch yil oʻtsa hamki, ichimlik suvdan hamon darak yoʻq.

Keyinchalik, “Otchopar” mahallasidan ajratilib, alohida “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻini nomi berildi. Bundan ikki yil oldin viloyat hokimligi tashabbusi bilan mazkur yangi mahallaning koʻpgina ichki yoʻllari asfalt qilindi. Odamlarning ogʻiri yengil boʻlib, ichimlik suvini ham biroz unutishgandi.

Biroq bundan uch oylar oldin yana koʻchalar kovlash boshlandi. Endigina asfalt yoʻlga erishgan fuqarolar endi suv kelishi borasidagi xushxabarni eshitib, bayram qilib yuborishdi. Har bir koʻchadagi eshik oldilariga alohida quvurlar tortilib, elektron suv hisoblagichlar oʻrnatildi. Bunga ham, “ana keladi, mana keladi” bilan mana uchinchi oy oʻtayotgan boʻlsada, suv baribir kelmadi. Aholining bormagan eshigi, uchrashmagan masʼuli qolmayapti.

— 2018-yili “Obod mahalla” dasturi asosida ichimlik suvi boʻyicha quruvchi tomonidan 29 ta koʻchaga quvur tortib chiqilgandi, — deydi “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJ Qarshi shahar filiali mutaxassisi Bayramali Eshmirzayev. — Shuningdek, “Otchopar” nasos stansiyasi qurildi. Ammo aynan ichimlik suvi boʻyicha ish olib borayotgan quruvchining ishi toʻxtab qoldi. Shu sabab, nasos stansiya ishlari ham chala qolib ketdi. Ishlarni toʻliq yakunlab, topshirmagani uchun hamon muammo davom etmoqda.

Besh yildirki, yechilmayotgan muammo hamon mutasaddilarni qiziqtirmagani ajablanarli. Xoʻsh aslida, shuncha xarajat qilinib, ish olib borildi. Lekin suv kelmadi. Aholini qiynayotgan bu savolga tegishli mutasaddilar eʼtibor qaratishadi, degan umiddamiz. Bu mavzuga yana qaytamiz.