Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 6 Aprel 2021 6916

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini loyihalash, davlat ekspertizasidan o‘tkazish, qurish va rekonstruksiya qilish, ayniqsa, suv omborlari va boshqa yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligini ta’minlashda jiddiy kamchilik va muammolar saqlanib qolmoqda.

    Suv xo‘jaligi ob’ektlarining aksariyat qismi 30-40 yildan ortiq xizmat qilayotganligi hamda ularni loyihalashga malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish kabi masalalarga yetarli e’tibor qaratilmayotganligi sababli keyingi yillarda ayrim suv xo‘jaligi ob’ektlarida texnogen vaziyatlar va avariyaviy holatlar kuzatilmoqda.

    Suv xo‘jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, suvning hisobi va hisobotini yuritishni takomillashtirish, suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligini oshirish hamda samarali nazorat tizimini o‘rnatish maqsadida:

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi PF–6024-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlanganligi hamda Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    Quyidagilar Suv xo‘jaligi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

    suv resurslarini boshqarish, suvlarning hisobi, hisoboti va balansini shakllantirish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta’siri oldini olish va bartaraf etish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

    respublika aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash;

    suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiyalash, rivojlantirish va qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarini loyihalash va ekspertiza qilish ishlariga malakali xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish;

    har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligini hamda suv xo‘jaligi ob’ektining xavfsizligini aniq ko‘rsatkich va mezonlar asosida chuqur tahlil qilish orqali uning ustuvorligini belgilash va amalga oshirish;

    suv xo‘jaligi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ekspertiza qilish hamda amalga oshirish ishlarini ilmiy-texnik ta’minlash;

    suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini ta’minlash;

    sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini ta’minlash choralarini ko‘rish;

    suv xo‘jaligi sohasida resurs tejaydigan texnologiyalar, zamonaviy qurilish materiallari, ilg‘or xorijiy tajribani keng qo‘llash;

    suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish, suvning hisobi va hisobotini yuritish hamda tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirishda raqamli texnologiyalarni joriy qilish;

    suv resurslarining hisobi va elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash hamda ularning samaradorligini oshirish;

    suv xo‘jaligida bozor iqtisodiyoti tamoyillari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va autsorsingni joriy qilish;

    suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etishni tizimli tashkil qilish;

    transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va texnik ko‘mak mablag‘larini jalb qilish, shuningdek, suv xo‘jaligi sohasidagi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etish.

    Suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining suv xo‘jaligi vazirining:

    suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari;

    davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

    Suv xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasida barcha suv resurslarini hisobga olish hamda suvdan foydalanish va suv iste’moli samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli tadbirlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, suv balansini shakllantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilansin.

    Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Inspeksiya) etib qayta tashkil etilsin.

    Belgilansinki, Inspeksiya Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

    Belgilansinki:

    a) Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:

    suv omborlari, sel-suv omborlari va xavf darajasi yuqori bo‘lgan boshqa suv xo‘jaligi ob’ektlarining (keyingi o‘rinlarda – xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlari) xavfsizligini, ishonchli ishlashini hamda qo‘riqlanishini nazorat qilish;

    xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarini joylashtirish va loyihalash bo‘yicha topshiriqlarni hamda ulardan foydalanish bo‘yicha qoidalarni kelishish, shuningdek, ularning xavfsizligi qoidalari va mezonlarini ishlab chiqish;

    xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ularni foydalanishga qabul qilish, konservatsiyalash va tugatish ishlarida ishtirok etish hamda tegishli xulosalar berish;

    xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizlik darajasini aniqlash ishlariga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni joriy qilish;

    favqulodda vaziyatlarda xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarining aholiga va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

    b) Inspeksiyaga:

    xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanishda xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatkichlar va mezonlarga amal qilinmagan hollarda suv to‘plashni cheklash yoki to‘xtatib qo‘yish;

    xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, loyiha tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish huquqi beriladi.

    “Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini zamonaviy talablar va yondashuvlar asosida ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi va “Yo‘l xaritasi” 1 va 2-илоvaлaргa muvofiq tasdiqlansin.

    Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligining:

    Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi, Osiyo taraqqiyot banki loyihalarini amalga oshirish guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi loyihalarini amalga oshirish guruhi negizida Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazini;

    Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish aгентлиgiни tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmon talablaridan kelib chiqib:

    bir hafta muddatda Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi;

    ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

    Mazkur Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 6 aprel