Davlatimiz va hukumatimiz tomonidan suv tanqisligini yumshatish, suv resurslaridan samarali foydalanish va sohani takomillashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Bunga Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi yorqin misoldir.

Taraqqiyot strategiyasida suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 mlrd. kub metr suvni iqtisod qilish koʻzda tutilgan. Buning uchun suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish hisobiga suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi. 2022-yilda suv tejovchi texnologiyalarni 260 ming gektarda joriy etish hisobiga 534 mln. kub metr suvni iqtisod qilishga erishiladi.

Soʻnggi yillarda irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik. Joriy yilda 427,1 km kanal, 131,9 km lotok, 13,2 km quvur va 886,0 km kollektor-drenaj tarmoqlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Buning hisobiga 335,1 ming gektarning suv taʼminoti va 125,4 ming gektarning meliorativ holatini yaxshilashga erishilib, 543 mln. kub metr suv iqtisod qilinadi. 6610 ta obyektga raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga 155 mln. kub metr suv iqtisod qilinishining oʻzi ham muhim ahamiyatga ega.

Suv xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish asosiy vazifa sifatida qoʻyildi. Bu bejiz emas. Chunki barcha sohalar qatorida suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilyapti. Ortiqcha va behuda harajatlar iqtisodiy holatga salbiy taʼsir etishi barchaga maʼlum. Shunday kelib chiqib, Investitsiya loyihalari doirasida 27 ta nasos stansiyasini modernizatsiya, 263 km kanal va 787 ta gidrotexnik inshootlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirildi. Tizimdagi nasos stansiyalarida xizmat muddatini oʻtab boʻlgan 181 ta nasos va 354 ta elektro dvigatel almashtiriladi.

Suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqmoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida nasos stansiyalari hamda irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish boʻyicha 52 ta loyiha amalga oshiriladi. Bundan maqsad sarflanayotgan elektr energiyasi va ekspluatatsiya xarajatlarini 10-15 foizga kamaytirishdir. Shu bilan birga, bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha viloyatlarda koʻplab loyihalar amalga oshirilyapti. Uni tadbiq etgan fermerlar, klasterlarga subsidiyalar berilyapti. Asosiysi, buning evaziga hosildorlik ham ortmoqda.

Respublikamizda yangi va foydalanishdan chiqqan yer maydonlarini oʻzlashtirish orqali qoʻshimcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda 2022-yilda respublika va mahalliy byudjet hamda tashabbuskorlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari natijasida 129 ming gektar yangi va foydalanishdan chiqqan yer maydonlari oʻzlashtiriladi va qoʻshimcha 1,5 mln. tonna qoʻshimcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga erishiladi.

Saidmurod Aminjonov,

Suv xoʻjaligi vazirligining suv xoʻjaligini rivojlantirish

va strategik tahlil boshqarmasi boshligʻi