Suv resurslaridan tejamli foydalanishda yuzaga kelayotgan muammolar Senat nazoratida

    Yashil sayyora 4 Avgust 2023 935

    Maʼlumki, Oliy Majlis Senatida aholini tashvishga solayotgan masalalarni muhokama qilish, respublika darajasida yechiladigan masalalarni yalpi majlislarga olib chiqib, hal etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

    Senatning oʻtgan qirq ikkinchi yalpi majlisida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixanov mamlakatning umumiy suv resurslaridan tejamli foydalanishda yuzaga kelayotgan muammolarga toʻxtalib oʻtgan edi.

    Ushbu masala Senat Kengashining yaqinda boʻlib oʻtgan majlisida ham muhokama etilib, tegishli qaror qabul qilindi.

    Unga koʻra, Senat tashabbusi bilan mazkur masala boʻyicha muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohaga tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.

    Shuningdek, Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan, suv resurslarini muhofaza qilish, undan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan barcha soha va tarmoqlardagi muammolar va ularni hal qilish choralari qamrab olingan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

    Unda anʼanaviy sugʻorish usullaridan voz kechgan holda suv tejovchi texnologiyalarini qoʻllashni yanada kengaytirish, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish, mazkur yoʻnalishdagi qonun va qonunosti hujjatlarini qayta koʻrib chiqish, ularni takomillashtirish masalalari koʻzda tutildi.

    Shuningdek, ichimlik suvidan foydalanish yuzasidan jamoatchilik nazoratni kuchaytirish, aholining suvdan oqilona foydalanish koʻnikmalarini oshirish, uni asrab-avaylashni targʻib qilish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish kabi masalalar qamrab olindi.

    Senatning 43-yalpi majlisida masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining chora-tadbirlar rejasi yuzasidan bajarishi lozim boʻlgan vazifalar toʻgʻrisida axborotlari eshitildi.

    Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya hamda Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitalari chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning ijrosini doimiy monitoring qilib boradigan boʻldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.