Suv resurslarini boshqarishva irrigatsiya sektori rivojlantiriladi

    Suv resurslarini oqilona boshqarish, ulardan samarali foydalanish va muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika suv kengashi tarkibi tasdiqlandi.

    “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarishva irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga moʻljallangan dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–250-son, 15.08.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga moʻljallangan dasturini amalga oshirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • irrigatsiya tarmoqlarining 2 551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 1,3 trln soʻm ajratish va xalqaro moliya institutlari mablagʻlaridan 300 mln AQSH dollarini oʻzlashtirish;
    • suv taʼminoti darajasi past boʻlgan sugʻoriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha qisqartirish.

    Qaror bilan Suv resurslarini oqilona boshqarish, ulardan samarali foydalanish va muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika suv kengashi tarkibi tasdiqlandi.

    Bundan tashqari, Qarorga koʻra, 2025-yil yakuniga qadar belgilangan 15 ta nasos stansiyasiga muqobil energiya manbalari (quyosh panellari) hamda energiya tejamkor qurilmalarni oʻrnatish loyihasi amalga oshiriladi.