Suv taʼminoti ilgʻor tajriba asosida

    Urbanizatsiya 15 Iyun 2020 3428

    Toshkent suv taʼminoti transformatsiyasining rejasi amalga oshiriladi.

    Joriy yil 7-martida Toshkent shahar hokimligi ekologik xizmatlar borasida yetakchi tashkilot – Fransiyaning SUEZ kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan shartnoma imzolangandi.

    Shartnomaga muvofiq, “Toshkent suv taʼminoti transformatsiyasining rejasi” nomli 7 yillik istiqbolli va innovatsion loyiha amalga oshiriladi.

    Ushbu loyihaning umumiy qiymati 185,4 million yevroni tashkil qiladi. Shundan 142 million yevro Yevropaning yetakchi banklari kreditlari hisobidan oʻzlashtiriladi. Mablagʻlar shahar suv taʼminoti va oqava suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ularning boshqaruvini eng yuqori xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirishga yoʻnaltiriladi.

    Shuningdek, loyiha SUEZ ning 80 dan ortiq mamlakatdagi 150-yillik tajribasiga tayangan holda SUEZ tomonidan intellektual boshqaruv boʻyicha eng ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish va har tomonlama nou-xaularni joriy qilishni oʻz ichiga oladi.

    Ushbu ijtimoiy loyiha davlatimizning ilgʻor xorijiy tajriba koʻmagida barcha fuqarolar uchun kommunal xizmatlarni yangilash va kengaytirishga boʻlgan yondoshuviga toʻliq muvofiq keladi.

    Toshkent suv taʼminoti transformatsiyasining loyihasi mahalliy iqtisodiyotga ham salmoqli hissa qoʻshadi. Xususan, uskunalarni ishlab chiqarishning bir qismi Toshkentda joylashtirilishi yangi ish oʻrinlarini yaratishga koʻmak beradi hamda suv taʼminoti boʻyicha yuzlab mahalliy mutaxassislar shahrimizda va xorijda oʻqitiladi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.