Suv taʼminoti va oqova suv tarmoqlariga 3 ming 704 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan

    Mamlakatimizda 18 Dekabr 2021 1964

    Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning hududiy masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan suv taʼminoti va oqova suv tarmoqlariga 3 ming 704 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan.

    Eng yuqori koʻrsatkichlar, Xorazm viloyatida 910 ta, Namangan viloyatida 714 ta va Toshkent viloyatida 599 ta holatni tashkil etgan. Mazkur qonunbuzarliklar tufayli davlat va jamiyat manfaatlariga jami 35,2 milliard soʻmlik zarar yetkazilgan, deya xabar beradi “Oʻzsuvtaʼminoti” AJ axborot xizmati.

    Qolaversa, ushbu davr mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan respublika boʻyicha 5 ming 421 nafar jismoniy va yuridik isteʼmolchi jami 19,8 milliard soʻmlik qarzdorligi uchun suv taʼminoti tarmogʻidan uzilgan.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, sohada shaffoflikni taʼminlash maqsadida isteʼmolchilar shaxsiy kabineti (cabinet.uzst.uz) sahifasi yaratilgan.

    Isteʼmolchilarga qulayliklar yaratish maqsadida elektron toʻlov tizimlari (click, paynet, payme, upay, oson va boshqalar) bilan shartnomalar tuzilib, billing bazasiga integratsiya qilingan.