Unda ilmiy va oliy taʼlim muassasalari olimlari yaratgan ishlanma va ixtirolarni ishlab chiqarishga joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Ushbu tadbir davlatimiz rahbarining joriy yilning 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan V ochiq muloqoti davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.
Ochiq muloqotda Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xalqaro moliya tashkilotlari va suv tejovchi sugʻorish tizimlari va butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi va quruvchi korxonalar hamda suv xoʻjaligi tashkilotlaridan jami 240 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda.
Shuningdek, tadbirda xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI), Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi, Markaziy Osiyo davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasining Ilmiy-axborot markazi, BMT taraqqiyot dasturi (UNDP), Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Koreya xalqaro hamkorlik agentligi vakolatxonasi (KOICA) va boshqa xalqaro muassasalar vakillari ham qatnashmoqda.
Ochiq muloqot doirasida oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar ilmiy xodimlari tomonidan yaratilgan ishlanmalari namoyishi oʻtkazilmoqda.
Jumladan, Toshkent irrigatsiya universiteti 50 ta, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutidan 20 ta, “SUVMASH” AJ 10 ta, suv tejovchi sugʻorish tizimlari va butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi va quruvchi korxonalar 50 ta hamda boshqa muassasalar 50 ta ishlanmalarini koʻrgazmaga olib kelgan.












