Suv xoʻjaligini rivojlantirishning toʻrt yillik dasturi tasdiqlandi

    Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028-yillarga moʻljallangan dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qaror bilan tasdiqlangan dasturning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari:

    • irrigatsiya tarmoqlarining 2 551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 1,3 trln soʻm ajratish va xalqaro moliya institutlari mablagʻlaridan 300 mln AQSH dollarini oʻzlashtirish;
    • Suv xoʻjaligi vazirligi balansidagi nasos stansiyalarining eskirgan 562 ta nasos va 578 ta elektr dvigatelini zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, ularning yillik elektr energiyasi sarfini 6,8 mlrd kVt/soatdan 6,2 mlrd kVt/soatgacha kamaytirish;
    • suv taʼminoti darajasi past boʻlgan sugʻoriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha kamaytirish;
    • 2025-yilda tajriba tariqasida Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi 15 ta nasos stansiyasida muqobil energiya manbalari hamda energiya tejamkor qurilmalarni oʻrnatish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish kabilardan iborat.

    Shuningdek,

    • suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 2,1 million gektardan 3,5 million gektarga, shundan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan maydonlar hajmini 560 ming gektardan 853 ming gektarga yetkazish;
    • shoʻrlangan maydonlar hajmini 1 898 ming gektardan 1 732 ming gektarga, shu jumladan, oʻrtacha va kuchli darajada shoʻrlangan maydonlar hajmini 578 ming gektardan 460 ming gektarga qisqartirish;
    • sizot suvlari sathi muammoli holatda (0–2 metr) boʻlgan sugʻoriladigan yer maydonlari hajmini 893 ming gektardan 775 ming gektarga kamaytirish;
    • irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqqan jami 67 ming gektar sugʻoriladigan yer maydonini qayta foydalanishga kiritish vazifalari ham dasturda belgilangan.

    Qarorga binoan, respublikada suv sarfi hisobi va hisobotining toʻliq yuritilishini taʼminlash maqsadida muhim suv xoʻjaligi obyektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimi joriy etiladi. Bunda 2025–2026-yillarda davlat chegarasida olinayotgan suv miqdorini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini yaratuvchi kamida 300 ta raqamli suv oʻlchash qurilmasi oʻrnatiladi hamda markazlashgan maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilinadi.

    12 080 ta meliorativ kuzatuv qudugʻida raqamli texnologiyalar asosida suv sarfi hisobi monitoringi yoʻlga qoʻyiladi va tizimdagi 1 750 ta nasos agregatining suv sarfi hisobi onlayn rejimda monitoring qilinadi.

    12 ta yirik suv xoʻjaligi obyektini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga oʻtkazish hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarida suv xoʻjaligi obyektlarini xususiy sektor boshqaruviga berish orqali xususiy sheriklikka berilgan obyektlarda xarajatlarni 15 foizga kamaytirish choralari koʻriladi.

    Qaror bilan Suv resurslarini oqilona boshqarish, ulardan samarali foydalanish va muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika suv kengashi tarkibi hamda kengashning asosiy vazifalari tasdiqlandi.

    Suv xoʻjaligi vazirligi 2025-yil 1-oktyabrga qadar:

    • Energetika vazirligi bilan birgalikda 2026–2028-yillarda kamida 20 tadan nasos stansiyasiga muqobil energiya manbalari qurilmalarini (quyosh panellari) oʻrnatish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

    Shuningdek, Suv xoʻjaligi vazirligi har chorakda Dasturning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar kengashlariga axborot berib boradi. Mazkur axborot keng jamoatchilik uchun ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

    Dasturdan kutilayotgan natija:

    • beton qoplamali kanallar ulushi 39 foizdan 47 foizgacha oshiriladi, bunda beton qoplamali kanallar uzunligi 13,5 ming kilometrgacha yetkaziladi;
    • irrigatsiya tizimi va sugʻorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,75 gacha oshiriladi;
    • melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish orqali jami shoʻrlangan maydonlar 1 898 ming gektardan 1 732 ming gektarga, shu jumladan, oʻrtacha va kuchli darajada shoʻrlangan yerlar 578 ming gektardan 460 ming gektarga qisqartiriladi.
    • Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida respublikada joriy yilda – 10 mlrd kub metr, 2026-yilda – 12 mlrd kub metr, 2027-yilda – 13 mlrd kub metr, 2028-yilda – 14 mlrd kub metr suv iqtisod qilinadi.