Suvda ivimaydi – O'zbekistonda toshdan olinadigan noyob qog'oz ommalashmoqda

    Sanoat 27 Mart 2021 2492

    Toshdan olinadigan qog'ozning afzalliklari haqida gap borganda, eng avvalo bir tonna mahsulotni ishlab chiqish uchun 1 ta daraxt yoki 1 gramm ham suv ishlatilmasligini aytish joiz. Ammo bu ham hali hammasi emas.

    O'zbekistonda so'nggi vaqtlarda toshdan (marmar ishlab chiqarishdan qolgan mayda toshlardan) olinadigan noyob qog'oz tobora ommalashmoqda.
    "Bir tonna mahsullot ishlab chiqarish uchun bitta ham daraxt kesilmaydi, bir gramm ham suv ishlatilmaydi. Tosh (80%) va polimerlar(20%)dan foydalaniladi. SHu bilan birga, tsellyuloza qog'ozdan sifat jihatdan farqi juda katta bo'ladi. Sababi, toshdan ishlab chiqarilgan qog'oz suvda ivimaydi, yirtilmaydi, juda mustahkam va yaroqlilik muddati ham ancha uzoq", – noyob qog'ozning afzalliklari haqidagi savolga Fergana stone paper O'zbekiston-Xitoy qo'shma korxonasi rahbari o'rinbosari Jasur Niyozov xuddi shunday javob beradi.
    Tan narxi ham oddiy qog'ozga nisbatan bir necha barobar arzon.
    Bunday qog'oz poligrafiya ishlarida, eksport mahsulotlarini qadoqlashda foydalanishda, gulqog'ozlar ishlab chiqarishda juda qo'l keladi. Qolaversa, mahsulot uchun xom-ashyo o'zimizda, O'zbekistonda juda ko'p - 100% mahalliy mahsulot, deydi faxr bilan suhbatdosh.
    Albatta, suhbatdoshning faxrlanishiga sabab bor. Farg'onadagi toshdan qog'oz ishlab chiqaradigan ushbu korxona MDH maydonida yagona bo'lgani uchun, bugungi kunda bu zavodga Rossiya, Tojikiston, Qozog'iston, Kanadadan katta qiziqish bildirilmoqda.
    Korxonadagi ishlab-chiqarish Xitoydan olib kelingan noyob texnologiyalar asosida yo'lga qo'yilgan. Bu erda yiliga 9 ming tonna qog'oz ishlab chiqariladi.