Suvdan foydalanishda uni isrof qilish kechirilmas holdir

    Agrosektor 16 Mart 2021 6206

    Huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 1505 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

    Suv - tiriklik manbai. Unumdorlik va moʻl hosil garovi, dasturxon toʻkinligi va oziq-ovqat xavfsizligi kafolati hisoblanadi. Shunday ekan, suvni asrab-avaylash, uning har tomchisidan unumli foydalanish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik nihoyatda zarurdir.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan joylarda “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilgan.

    Mazkur qaror va tegishli farmonlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.

    Masalan, ayrim hududlarda baʼzi mutasaddilar va fermerlarning masʼuliyatni sezmayotgani oqibatida suvdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, uni zovurlarga tashlab qoʻyish, koʻllatib sugʻorish kabi noxush holatlarga duch kelinmoqda. “Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan foydalanish sohasida yanvar-fevral oylarida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 1640 ta holatda shu kabi isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani kuzatildi.

    Shundan 1330 ta holatda ekin maydonlarini koʻllatib sugʻorish, 162ta holatda suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga oqizish, 36 ta holatda shartnomasiz suvdan foydalanish, 69 ta holatda gʻalla sugʻorishga ajratilgan suvlardan boshqa maqsadlarda foydalanish, 43 ta holatda dalada suvni qarovsiz qoldirish holatlari aniqlandi.

    Misol uchun, Nishon tumanidagi “Yangiboy Abduraim”, “Abdullayev Asliddin”, Koson tumanidagi “Baxt kuzgusi”, “Navqat chorva omad”, “Muhiddin Davronovich”, “Akbar Kamolovich, Mirishkor tumanidagi “Oʻzbekiston” , “Qalʼa etagi” , “Oq machit oq oltini”, Gʻuzor tumanidagi “Samo samira” fermer xoʻjaliklari suvchilarining eʼtiborsizligi va suv nazoratsiz qoldirilgani natijasida gʻalla maydonlarining bir qismi koʻllatib yuborilgani qayd etildi. Bu nafaqat suvning ortiqcha sarflanishiga, balki oʻn besh foizgacha hosilning nobud boʻlishiga olib keladi.

    Mirishkor tumanidagi “FAM chorvachilik” fermer xoʻjaligi 15 gektar gʻalla maydoni sugʻorishga limit ajratilmagan boʻlsa-da, koʻllatib xoʻjasizlarcha suv olinayotganligi aniqlandi. Shuningdek, Mirishkor tumani “K.Fazli” hududi hamda Muborak tuman “Amur Temur” hududi suv istemolchilari uyushmasining etborsizligi natijasida xoʻjalik ichidagi lotok tarmogʻidan suvni 5 soat davomida zovurga oqizib qoʻyilganligi aniqlandi.

    Qarshi tumanidagi “Qoratepa goʻsht sut” MCHJ hamda Chiroqchi tumanidagi “Botir Poyonov”, Koson tumanidagi “Dasht koʻzgusi”, “Tong shamoli ziyosi”, Yakkabogʻ tumanidagi “Abdirahmon” fermer xoʻjaliklari esa suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qoʻygani kuzatildi.

    Oʻrganishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan vakolati doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 88 ta (29,6 million soʻm) maʼmuriy qarorlar qabul qilindi, 8 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarni koʻrib chiqishlik uchun toʻplangan hujjatlar sudlarga kiritilishi taʼminlandi.

    Oʻz navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida 23 ta yozma koʻrsatma va taqdimnomalar kiritildi.

    Bundan tashqari, huquqbuzarlik sodir etilishini erta oldini olish maqsadida 1505 ta suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilariga rasman ogohlantirishlar berildi.

    Viloyatdagi baʼzi fermer xoʻjaliklari gʻalla maydonlariga birinchi bahorgi suvni olishga qiynalib turgan bir paytda suvdan foydalanishga bu taxlit beparvo munosabatda boʻlish va uni isrof qilish kechirilmas holdir. Shu bois aniqlangan holatlar boʻyicha tegishlicha taʼsir choralari koʻrish belgilab olindi. Bugungi kunda nazorat tadbirlari belgilangan tartibda oʻtkazilib kelinmoqda.

    Oybek TOʻRAQULOV,

    “Oʻzagroinspeksiya” ning Qashqadaryo viloyat

    boshqarmasi katta inspektori